Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Oq Uyda prezident Bush bilan muloqot qildi. Markaziy Osiyodagi ba’zi siyosiy tahlilchilar nazarida Qozog’iston o’zini AQShga Markaziy Osiyodagi siyosiy va iqtisodiy yetakchi sifatida ko’rsatishga urinmoqda.
“Qozog`iston AQSh uchun haqiqatda muhum mamlakatmi? Energetik xavfsizlikni ta’minlovchi davlat bo`la oladimi”? - deya so'raydi qirg`izistonlik mintaqaviy ekspert Ilana Karakulova.
AQSh Qozogistonda demokratik tamoyillarni me`yor darajasida emasligiga, “Kazaxgeyt” mojarosiga ko`z yumib bo`lsada bu tashrifni amalga oshirishidan qanday maqsadlarni ko`zda tutmoqda? Bu borada aniq bir to`xtamda javob berish qiyin”,- deydi Karakulova.
“Mening nazarimda AQSh ko`proq energetik xavfsizlik jihatidan emas, balki mintaqadagi o`z siyosiy pozitsiyasini kuchytirish uchun Qozog`iston orqali harakat qiladi”.
Ta’kidlanishicha, Qozog`iston prezidentining AQShga tashrifi aynan mintaqadagi geosiyosiy holatga ta’sir etish imkonityatlari bilan ham e`tiborli.
Ekspertlar fikricha Qozog`iston bugun mintaqadagi yetakchi davlat va bu yetakchilik uchun asosiy da’vogar hisoblangan rasmiy Toshkent tomonidan ochiq tan olinmasada, sukut tarzidagi e’tirof mavjudligi bildiriladi.
Bundan tashqari O`zbekiston prezidentining Qozog`istonga qilgan davlat tashrifidan so`ng ikki o`rtadagi munosabatlarda ijobiy siljishlar bo’lgani kuzatiladi.
O`zbekistondagi Qozoq madaniyat markazining jamoatchi vakili Shirinbek O`razmetovga ko`ra, O`zbekiston va Qozog`iston prezidentlarining uchrashuvlaridan so`ng aloqalarda ijobiylik sezilgan, lekin bu siljish juda sekin amalga oshmoqda.
“Yevropa Ittifoqida 25 davlat bor, ular o`rtasidagi chegara bordi-keldilarida hech qanday muammo yoq, lekin qozoq-o`zbek o`rtasida bu muammo. Hech narsadan qo’rqmasdan, chegaralarni ochish kerak”.
O`razmetov Qozog`iston prezidentining AQSh safari haqida munosabat bildirar ekan, mintaqa xalqlarini birlshtirishga qaratilgan har qanday aloqalar ahamiyatli ekanligini urg`ulaydi.
“Hozir shimolda Rossiya, sharqda Xitoy. Bu nihoyatda ma’suliyatli davr, shunga yarasha siyosat yuritish kerak. Markaziy Osiyo xalqlari iqtisodiy jihatdan, globallashuv nazaridan birlashishlari kerak. Bu haqda avval Mustafo Cho`qay, Fitratlar gapirib ketgan. Agar o`zbeklar va qozoqlar birlashsa, mintaqaning boshqa davlatlari ham ular orqasidan ergashadi”, - deydi O`razmetov.
Kuzatuvchilarga ko`ra, hozir AQSh va O`zbekiston aloqalari keskinlashgan bosqichda. O`zbekiston demokratik islohotlarni keskin rad etayotgan davlatlardan biri. AQShning mintaqada o`z siyosiy pozitsiyasini kuchaytirish harakatlari O`zbekistondagi ahvolga qanchalik ta’sir o`tkazishi ham mavhum baholanmoqda.
Ekspert Ilana Karakulovaga ko`ra, Qozog`iston prezidentining AQShga tashrifi mintaqadagi demokratik jarayonlarga, shu jumladan O`zbekiston va Qozog`iston aloqalariga ham ta'sir etmaydi:
“Qozog`iston prezidentining tashrifidan siyosiy yo`nalishdagi o`zgarishlarni kutish qiyin. Qozog`iston rasmiylari ko`p qirrali tashqi siyosat yuritayotganliklarini ta’kidlashni yaxshi ko`rishadi. Bundan tashqari Qozog`iston Rossiya va Xitoy kabi davlatlar bilan turli shartnomalarga ega, ularni bajarishi kerak. Nazarimda, bu tashrif shunchaki protokol uchun yoki AQSh kapitalini Qozog`istonga jalb etishda imkoniyatlar ochishda, qolaversa Qozog`istonning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish masalasida aniq natijalar berishi mumkin”, - deydi Karakulova.