Breaking News

Rossiya bilan yaqinlashuv rus tiliga e'tiborni oshirmoqda


Kuzatuvchilarga ko`ra, O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi yaqinlashuv milliy manfaatlar inkor etilishi hisobiga kengaymoqda. Xususan, o`zbek tilining imkoniyatlari tobora siqib borilayotgani urg`ulanadi.

O`zbek tiliga davlat maqomini berish, milliy til imkoniyatlarini rivojlantirish, uni jahonda o`zbek diplomatiyasining rasmiy tiliga aylantirish, takidlanishicha, O`zbekiston o`z mustaqilligiga erishganidan ancha avval boshangan harakatdir.

Muxolifat vakillariga ko`ra, mustaqillik uchun boshlangan harakatlarda o`zbek tili mavqei uchun kurash millatni birlashtirgan asosiy jihatlardan biri sanalgan.

Biroq O`zbekiston mustaqillikka erishgandan keyingi davrlar, ayniqsa so`nggi yillar o`zbek tiliga mustaqillikdan avval orzu qilingan imkoniyatlarni bera olmagan - aksincha til imkoniyatlari yana yemirila boshlangan.

O`zbek tili mavqei uchun kurashgan yozuvchilardan biri Zohir Alam fikricha, milliy til imkoniyatlarining cheklanishi avval ham, hozir ham mahalliy aholining qashshoqlashishi bilan kuzatilmoqda:

“Mamlakatda yashab turgan millatning tili davlat idoralarida, biznesda ishlatilmasligi o`z-o`zidan o`sha millatni ikkinchi-uchinchi sort - ataylab sort deyapman darajadagi demasdan - millatga tushirib qo`yadi. Eng yaxshi, pul, biznes, konlar sohasidagi ishlarda mahalliy millat ishtirok etmaydi,” - deydi Zohir Alam.

“Toshkent, Farg`ona, Navoiy, ayniqsa hozir Toshkent shahrida kuzatilayotgani kabi pul keltiruvchi ishlarni, bizning misolimizda aytiladigan bo`lsa, ruslar egallaydi. Yashah uchun yo`lning yo`qligi, bu milliy tilning supirib ko`chaga chiqarib tashlanganidir.”

Natijada, deydi yozuvchi Zohir Alam, millatning yo’qolishi - bir qismi assimiliatsiyalashsa, xo`rlangan bir qismi cho`llarga, paxtazorlarga chiqib ketadi. “Hozir ham xalqimizning qashshoqlashishda davom etayotgani ko`p jihatdan tilga bog’liq,” – deydi u.

O`zbekistonda o`zbek tili davlat maqomiga ega ekanligi haqidagi rasmiy e`tirof mavjud, har yili til mustaqilligi tadbirlari o`tkaziladi. Biroq bu tadbirlarning o`tishi, o`zbek tiliga qonunda ko`rsatilganidek maqom berilishi tobora e’tibordan chetda qolayotgani ta’kidlanmoqda.

Zohir Alamga ko`ra, davlat tili haqida rasmiy e’tirof mavjud xolos, uning amaliyotini ta`minlovchi qonun yo`q.

“Men o`sha paytdayoq aytgan edim, o`zbek tilining davlat tili rasman e`tirof qilindi, xolos. Bu haqda qonun qabul qilinar ekan, bu qonunda o`zbek tilini bilmagan kishilarning davlat ahamiyatiga molik, hujjatlar tayyorlanishi bilan bog’liq ishlarga qilinmasligi kabi holatlar aniq belgilanishi kerak, bu qonunni buzgan kishilarga nisbatan aniq jazolar ko`rsatilishi zarur.”

“Busiz o`zbek tilining davlat tili ekanligi faqatgina qog`ozda. Buning ustiga keyingi yillar yana rus tili davlat tiliga aylanganini, faqat bu haqda rasman e`lon qilinmaganini ko`rsatmoqda,” - deydi Zohir Alam.

Tilshunos olim Baxtiyor Isabekning aytishicha, bugun o`zbek tili imkoniyatlari yana rus tili tomonidan siqib chiqarilgan. Bu - til imkoniyatlari nuqtai nazaridan emas, balki hukumatning milliy manfaatlarga zid ravishda yuritayotgan siyosati tufayli yuz bermoqda:

“Rossiya bilan yaqinlashish avval yana qayta rus tiliga e`tibor berilishi bilan ko`zga tashlanayotgani o`zbek tiliga bo`lgan tajovuzdir. Oxirgi paytda O`zbekistonning iqtisodiy va siyosiy jihatdan orqaga ketayotganligining sababalaridan biri ham milliy tilga bo`lgan e`tiborsizlik. Bu e`tiborsizlik uchun hukumat aybdor,” - degan fikrlarni bildiradi Baxtiyor Isabek.

Bugunga kelib mustaqillik davrida voyaga etgan, ko`proq chet tillarni o`rganishda aynan rus tiliga emas, ingliz va boshqa Yevropa tillariga urg’u qaratishgan o`zbek yoshlari ham jiddiy qiyinchiliklarga uchrashayotgani ta’kidlanadi.

Bu yoshlarning ko`pchiligi ish topish uchun rus tilini o`rganishga majbur bo’layotganini aytadi.

Ta’kidlanishicha, keyingi paytda O`zbekistonda rus tilining imkoniyatlari yanada kengaymoqda, bu tilda axborot-targ`ibot ishlari yo`lga qo`yilmoqda, korxonalarda, banklarda ish boshqarilishi faqat rus tilida yuritilmoqda.

Natijada rus tilini o`rganmagan yoki ruslashishni istamagan yoshlar, aholi qatlami e’tibordan chetda qolyapti.

Muxolifat vakillariga ko`ra, milliy til, o`zlikni anglash, mustaqillik tuyg`ulari aynan rus mustamlakasiga nisbatan shakllangan. Bugun ana shu muqaddas tuyg`ularning yana kolonial siyosat mafkurasiga almashtirilayotgani kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG