Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi grin karta lotereyasining bu yilgi dasturi boshlanish arafasida. Bu safar ham, Markaziy Osiyo respublikalarida tug’ilgan shaxslar dasturda qatnashish huquqiga ega.
Immigratsion Vizalar, ya’ni Grin Karta dasturi har yili AQSh Kongressi tomonidan ma’qullanadi, uning ijrosi esa, AQSh Davlat departamenti tomonidan amalga oshirilib kelinadi. Grin karta sohibiga Amerika hududida uzluksiz 5 yil yashaganidan so’ng, fuqarolikka murojaat etish imkoniyati beriladi.
Markaziy Osiyo respublikalarini dasturga kiritilganligi, unda yashovchi barcha fuqarolar qatnashishi mumkin degani emas. Dastur qoidalariga muvofiq, ushbu respublikalarda tug’ilgan, 21 yoshga to’lgan, o’rta ma’lumotga va bir-oz tajribaga ega fuqarolar hamda fuqaroligi bo’lmagan shaxslar dasturda qatnashishi mumkin. Masalan, kimsa O’zbekistonda tug’ilgan, biroq Rossiya yoki boshqa davlatlarda yashaydi. Bunday shaxs ikkilanmasdan, tug’ilgan joyi O’zbekiston, ya’ni dasturda qatnashuvchi davlatlar ro’yxatiga kiritilgani bois, mazkur dasturda ishtirok etish huquqiga ega.
Dasturga ariza topshirishning eng ma’qul yo’li bu www.dvlottery.state.gov Internet sahifasi orqali hujjat to’ldirishdir. Kishining rasmi ham Internet vositasida biriktiriladi. Qatnashish bepul.
Dastur 4 oktyabrdan to 3 dekabrgacha davom etadi. Dasturda ishtirok etish huquqiga ega shaxsning to’liq ism-sharifi, tug’ilgan sana, tug’ilgan joyi, jinsi, fuqaroligi, eni va bo’yi 5 santimetrli rangli fotosurat, agar tanlovda g’olib chiqsa hujjatlar qaysi adresga yuborilishi, hozir yashayotgan davlati nomi, oilaviy ahvoli, avval uylangan bo’lsa, turmush o’rtog’ining ismi, uning tug’ilgan sanasi va rasmi hamda farzandlari bo’lsa, ularning soni, ismi, tug’ilgan sanasi va fotosuratlari ta’lab etiladi.