Breaking News

Rossiyada o'nlab nohukumat tashkilotlar ro'yxatdan o'tmadi


Rossiya Adliya vazirligi chet-el tashkilotlariga qayta ro’yxatdan o’tish uchun bergan muhlat o’tgan hafta tugagan. Ro’yxatdan o’tishga ulgurmagan tashkilotlar o’z faoliyatini to’xtatishga majbur bo’ldi.

Nodavlat tashkilotlarni qayta ro’yxatdan o’tishga Rossiyada aprel oyida qabul qilingan yangi qonun majbur qilgan. Mutaxassislarga ko’ra, Rossiya hukumati mazkur qonun orqali mamlakatda faoliyat ko’rsatayotgan yuzlab tashkilotlarni saralamoqchi va ular ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi, toki Ukraina va Gruziyadagi kabi rangli inqiloblar Rossiyada ham takrorlanmasin.

Prezident Vladimir Putin Rossiya ichidagi siyosiy jarayonlarning chetdan moliyalanishiga to’siq qo’yiladi, deb kelgan. Kremlga hayrihoh Siyosiy izlanishlar instituti xodimi Sergey Markovning aytishicha, hukumat nodavlat tashkilotlarning Rossiya jamoatchiligiga ta’sirini cheklamoqchi.

"Kuchli hukumat hamisha mas’uliyatli hukumatdir. Shuning uchun ham mamlakatga rahna soluvchi har qanday tahdidni yo’qotishga harakat qiladi. Chunki Ukrainadagi rangli inqilob kichik sonli odamlarning nimaga qodir ekanini ko’rsatdi."

Rossiyada siyosiy partiyalar bilan hamkorlik qiluvchi va demokratiyani targ’ib etuvchi AQSh Demokratik Instituti va Xalqaro respublikachilar instituti qayta ro’yxatdan o’tish uchun belgilangan muhlat ichida hujjatlarni topshirmagani uchun o’z faoliyatini to’xtatishga majbur bo’ldi.

Bundan tashqari Rossiyada inson huquqlari muammolarini o’rganuvchi va Kremlning bu boradagi siyosatini ashaddiy tanqid qilib kelgan Human Rights Watch va Xalqaro Amnistiya tashkilotlari muhlatdan kech qolgan. Turli hisoblarga ko’ra, aksariyati AQShga qarashli 80 tadan 100 tagacha bo’lgan xalqaro nodavlat tashkilot hujjatlarini o’z vaqtida topshira olmagan.

Bunga sabab qilib yangi qonunning mujmalligi va undagi talablarning bema’niligi ko’rsatilmoqda. Human Rights Watch tashkilotining Rossiyadagi vakolatxonasi rahbari Allison Jillning aytishicha, yangi qonunga muvofiq nohukumat tashkilotlar kelajakdagi rejalarini Adliya vazirligi bilan muvofiqlashtirishlari kerak.

"Xudo ko’rsatmasin, ertaga inson huquqlari bilan bog’liq jiddiy inqiroz vujudga kelib qolsa va tashkilotimiz u bilan shu’gullanishi kerak bo’lsa, nima qilamiz? Axir bunday narsalarni oldindan bashorat qilish yoki rejalashtirish mumkin emasku!"

Xalqaro Amnistiya tashkiloti xodimi Yelena Franklinning aytishicha, qayta ro’yxatdan o’tish uchun talab qilingan hujjatlar orasida tashkilotning AQShdagi idorasi rahbarining uy adresi yoki bir necha yil burun vafot etgan tashkilot asoschisining o’limi haqidagi shahodatnoma nusxasi ham so’ralgan.

Tinchlik uchun Karnegi Jamg’armasining Moskvadagi vakolatxonasi 1919 yili vafot etgan jamg’arma asoschisi Endryu Karnegining o’limi haqidagi shahodatnoma nusxasini topib, boshqa hujjatlar bilan so’nggi muhlat tugamasidan oldin taqdim etishga muvaffaq bo’ldi. Natijada Karnegi Markazi, Ford Jamg’armasi, AQSh Savdo Palatasi va qator boshqa tashkilotlar qayta ro’yxatdan o’tkazildi.

Rossiya Adliya vazirligi mutasaddilariga ko’ra, ro’yxatdan o’tmagan tashkilot faoliyatini to’xtatib turishi kerak bo’ladi, biroq bu bilan tashkilotning Rossiyadagi vakolatxonasi butunlay yopiladi, degani emas. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra Rossiyada ayni damda 250 ka yaqin xalqaro nodavlat tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ularning yarmidan ko’pi qayta ro’yxatdan o’tkazildi.

Yangi qonun orqali rasmiy Moskva Gruziya va Ukrainadagi rangli inqiloblarini tashkillashtirishda chet-el tashkilotlari faol ishtirok etgan, deya Rossiyada ham inqilob ehtimolining oldini olishga harakat qilmoqda. Biroq Moskvadagi AQSh va Kanada Instituti tahlilchisi Viktor Kremenyukning aytishicha, xavotirga o’rin yo’q.

"Inqilob chetdan kimningdir tashabbusi bilan sodir bo’lmaydi. Inqilob xalq hayotidan ko’ngli to’lmasa, hayoti og’ir bo’lsa, vujudga keladi."

O’zbekistonda ham qator xalqaro tashkilotlar va, asosan, o’nlab AQSh tashkilotlarining vakolatxonalari so’nggi ikki yil ichida yopilgan.

XS
SM
MD
LG