Breaking News

Saylovlar 2006: Amerika ikki o't orasida


7 noyabr Amerikada umumiy saylovlar kuni. Bu kun AQSh Kongressiga yangi a’zolar, shtatlarga yangi gubernatorlar va prokurorlar, shaharlarga yangi hokim va mahalliy qonun chiqaruvchilar saylanadi.

AQShda saylovdan keyin kim hukmron bo’ladi? Amaldagi respublikachilarmi yoki muxolif demokratlar? Har ikki tomon g’alabaga ishonch bildirmoqda.

Amerika har ikki yilda, 7 noyabrda ovoz berib Vashingtonda undan keyin kim hukmronlik qilishini hal etadi. Bu yilgi saylovlarda 100 senatorning 33 nafari o’zgarishi va 36 shtat yangi gubernatorga ega bo’lishi mumkin.

Demokratlar hokimiyatni respublikachilardan olishi uchun Vakillar Palatasidan 15, Senatdan esa olti o’rin olishi lozim.

Demokratlar xalq ularga tayyor ekanini aytsa, respublikachilar Kongressning har ikki palatasida kuchni saqlab qolamiz, degan umidda. Mana bir necha oydirki, Vashingtonda bu noyabrda demokratlar boshqaruvni qo’lga oladi, degan taxmin hukm surmoqda.

Bekorga emas, deydi AQSh Biznes Institutida omma fikrni o’rganuvchi olima Karlin Bauman.

"Amerika bugun ijobiy kayfiyatda emas. Ko’pchilikning Iroqdagi urush va uning oqibatlaridan xafsalasi pir bo’lgan. Qarabsizki, aslida yaxshilanayotgan AQSh iqtisodiyotidagi yutuqlar ham xalqning ko’ziga ko’rinmayapti. Pessimizm hukm surmoqda, bu mamlakatda",- deydi Bauman xonim.

Siyosiy tahlilchilar nazarida ham Iroqda vaziyat keskinligicha qolarkan, bu saylovda o’z aks sadosini beradi.

Styuart Rozenberg Vashingtonda xolis siyosatni o’lg’a suruvchi nashrni yuritiadi.

"Bu saylov oddiy saylov emas. Bu saylovni xalqning bugungi ruhi hal qiladi. Xo’sh, u o’zgarish xohlaydimi yoki hozirgi vaziyatni ma’qul ko’radimi? Iroqda urushdan, noqonuniy muhojirlardan va siyosiy mojarolardan charchagan xalq o’zgarish istaydi. Shu bois bu saylov natijasini biror siyosiy masala, jumladan soliq siyosati belgilamaydi",- deydi Rozenberg.

Respublikachilar Iroqdagi urush xalqni to’ydirganini biladi, biroq AQSh undan chiqib ketolmaydi, deya ogohlantirmoqda.

Prezident Bush uchun esa Iroq terrorga qarshi jang maydoni.

Iroqda ekstremist va radikallar hamda mo’tadil fikrlovchi, tinchlikni ma’qul ko’ruvchi odamlar orasida urush ketmoqda. Biz ma’tadillarni quvvatlaymizmi, yo’qmi, haqiqat shuki bu mamlakat bu asrning eng katta urushini boshdan kechirmoqda. Men prezidentmanmi yoki yo’q, AQSh bunga qanday javob berishni o’ylashi kerak.

Demokratlar Bushni tanqid qilishga zo’r beradi, biroq deydi respublikachilar, ularning o’zi Iroq kelajagi haqida aniq va birdam fikrga ega emas.

Demokratlar nazarida esa respublikachilar Iroq urushidan charchagan xalqni endi bu urush terrorga qarshi kurashning bir qismi deb qo’rqitishga urinmoqda.

Iroq aslida AQShning terrorga qarshi ochgan urushining beliga tepmoqda, deydi Senatda demokratlar sardori Garri Rid.

"Faktlar aldamaydi. Bush va respublikachi Kongress hukmronligi ostida AQShga nisbatan tahdid kuchaydi. Biz tinchligimizga rahna soluvchi kuchlarga qarshi kurasha olmayapmiz",- deydi senator Rid.

Ommaviy so’rovlar natijasi Amerika xalqi bugun Iroq, iqtisodiyot va sog’liqni saqlash bobida demokratlarga og’ayotganidan darak bermoqda.

Biroq davlat xavfsizligi va terrorga qarshi kurashga kelganda, Amerika ommasi hali ham respublikachilarga ko’proq ishonadi.

Xuddi shu haqiqat respublikachilarni 2002 yilgi umumiy saylovlarda va 2004 yilgi prezident saylovida hokimiyatda asrab qolgan edi.

Tahlilchi Karlin Bauman nazarida bu safar hech kimga ishonch yo’q.

"Amerikaliklar respublikachilardan va ular boshqarayotgan Kongressdan norozi, biroq xalq demokratlar hukumatni qo’lga olsa, ahvol yaxshilanadi, degan fikrda emas."

Respublikachilar yaqinda Kongressdagi bir muhim o’rinni jinsiy tajovuz va beadablikka boy berdi. Florida kongressmeni Mark Foli ishdan ketdi.

Foli Kongressda o’smir yordamchilarga behayo maktublar yozganlikda va jinsiy bosim o’tkazganlikda gumon qilinmoqda.

Dindor fuqarolarga tayanuvchi respublikachilar bu safargi saylovlarda ulardan ajrab qolishi mumkinligidan xavotirda.

Respublikachilar tashvishlansa arziydi, deydi tahlilchi Rozenberg. "AQSh saylovchilari bugungi ahvoldan norozi. Hokimiyatdan, jumladan prezident va albatta, Kongressdan to’yib ketgan. Xalqning ruhi past, ijobiy hollarni ko’rmaydi va g’azabga to’lgan. Ular o’tgan saylovdan keyin vaziyat yaxshilanadi, deb o’ylagan edi."

Bu saylovda demokratlar hokimiyatga kelishi mumkin, biroq Oq uy haliveri respublikachilardan bo’shamaydi. Prezident Bush u yerda yana ikki yilga hukmron.

Tahlilchilar ta’biricha, respublikachi Oq uy va demokrat Kongress o’rtasida siyosiy jang qizishi turgan gap. Bu esa Amerikani yanada ikkiga bo’ladi. Qizil respublikachilar va ko’k demokratlar o’rtasida bahslar avj oladi, ayniqsa demokratlar respublikachilarni tergov qilishni boshlasa.

XS
SM
MD
LG