Breaking News

AQSh Qirg'izistonga sarmoya olib kirishda yordam bermoqchi


Qirg’iziston AQShni unga sarmoya kiritishga undamoqda.

Mamlakatning Vashingtondagi elchisi o’z vatanini iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan yosh demokratiya, biroq sarmoya imkoniyatlariga boy muhit deb ataydi. Biroq Amerika tadbirkorlari bu tog’li o’lkaga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

Vashingtondagi xalqaro savdo markazida o’tgan AQSh-Qirg’iziston Biznes muloqotida Amerika tadbirkorlari Qirg’izistondagi iqtisodiy imkoniyatlar, bugungi vaziyat va sarmoya kiritish imkoniyatlari bilan tanishdi.

Hozirgi kunda AQSh-Qirg’iziston orasida iqtisodiy aloqalar uncha keng emas. Ikki davlat orasida savdo o’tgan yili 26.5 million dollar, 2004 yilda 18 million dollar, 2003 yilda esa 28 million dollarni tashkil etgan.

Qirg’izistonda AQShning Koka-Kola kabi asosan yirik kompaniyalari faoliyat yuritadi. AQSh Tijorat vaziri Karlos Guterrez nazarida, Qirg’izistonda ish yuritish oson emas, ammo imkoniyatlar keng.

Qirg’iziston prezidenti Kurmanbek Bakiyev yaqinda Jalolobod viloyatiga safari cho’gida, “sarmoyadorlar mamlakat iqtisodiyotiga milliardlab dollar kiritishga tayyor, ammo ular biz davlatimizda barqarorlikni naqadar ta’min eta olishimizni kuzatmoqda,” deb qayd etgan edi. Hukumat korrupsiyaga qarshi kurashyapmiz, deydi.

Iqtisodchilarning aytishicha, ham mahalliy, ham chet-ellik tadbirkorlar Qirg’izistonda yuzlashayotgan muammo bu, beqarorlik hamda siyosiy va iqtisodiy tuzilmalarning jinoiylashganidir.

Shuningdek, byurokratiya, soliq qonunlarining to’satdan o’zgartirilishi, sanoqsiz tekshiruvlar, lisenziyalash tizimidagi muammolar, korrupsiya va adliya tizimining mustaqil emasligi, tashvishga sabab.

Biroq Qirg’izistonning AQShdagi elchisi Zamira Sidiqova boshqacha fikrda:

"Qirg'iziston demokratik davlat. Bugungi kunda turli minbarlardan qilinayotgan bayonotlar va ishlar faqatgina xalqimiz hayotini yaxshilashga, iqtisodiyotni ko'tarishga va siyosiy barqarorlikka qaratilgan. Amerika sarmoyadolariga biz siyosiy barqarorlik, demokratik muhit va gidroenergetik sohada hamkorlik taklif qila olamiz," - deydi elchi Zamira Sidiqova.

Ayni damda Qirg’izistonning asosiy savdo hamkorlari - Xitoy, Rossiya, Qozog’iston, O’zbekiston, Janubiy Koreya, Turkiya kabi mamlakatlar. AQSh bu ro’yxatda Yevropa Ittifoqidan ham keyingi, 11-12 o’rinlarda keladi.

Mamlakatning serdaromad hisoblangan oltin sanoatida asosan Kanada kompaniyalari ishlaydi.

AQSh hukumati Qirg’izistonga yosh demokratiya deya katta umid bilan qarar ekan, o’tgan yili UNOCAL neft kompaniyasining sobiq raisi Richard Stegmayerni Bosh vazir Feliks Kulovning biznes masalahatchisi etib tayinlagan.

"Ayni paytda Qirg’izistonda AQSh bizneslari keng quloch yozmagan. Mamlakat millionlab dollar xorijiy sarmoyaga muhtoj," - deydi janob Stegmayer.

Qirg’izistonga qiziqqan amerikalik tadbirkorlarga turli agentlik va muassasalar yordam ko’rsatadi va mamlakat haqida kerakli ma’lumotlar bilan ta’minlaydi.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan farqli o’laroq, Qirg’iziston qonunlari va iqtisodiyoti ancha erkin, hukumati takliflarga ochiq.

Geografik joylashuvi ular uchun noqulay va bozori kichik bo’lsa-da, Amerikaning aksariyat sarmoyadorlari Qirg’izistonga mahsulotini butun Markaziy Osiyoga sotish umidi bilan keladi.

XS
SM
MD
LG