Breaking News

Sud qarori xorij sarmoyasini kamaytirishi mumkin


Oxirgi paytda O`zbekiston hukumati mamlakatda faoliyat yuritayotgan bir qator yirik chet-el kompaniyalariga e`tiroz bildirmoqda. Bu kompaniyalar AQSh, Britaniya, Turkiya kabi mamlakatlarga qarashli.

Mavjud fikrga ko`ra, dunyoning yirik kompanilariga nisbatan bunday munosabat usiz ham sustlashayotgan sarmoyalarni yanada kamaytiradi.

O`zbekiston konstitutsiyaviy sudining “Chet-ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to`g`risida”gi qonun yuzasidan e`lon qilingan qarori, ekspertlar fikricha, mamlakatdagi chet el kompaniyalirining investitsion huquq masalasida xalqaro arbitraj sudlariga murojaat qilish imkoniyatlarini yo`qqa chiqaradi.

Konstitutsiyaviy sud qarori ba`zi sarmoyadorlar tomonidan investorlar huquqini kafolatlash haqidagi O`zbekiston qonunining 10-modda 1-bandi noto`g`ri tushinilishi munosabati bilan qabul qilingani ta’kidlanadi.

Qaror qabul qilishda O`zbekiston savdo-sanoat palatasi bildirgan mulohazalar ham inobatga olingan. O`zbekiston savdo-sanoat palatasiga bu mulohazalar borasida qilgan murojaatimiz javobsiz qoldirildi.

Ekspertlarning aytishicha, gap AQSh va O`zbekiston qo`shma korxonasi - “Zarafshon- Nyumont”ning xalqaro arbitraj sudiga murojaat qilish imkoniyati haqida ketmoqda.

Kompaniya O`zbekiston soliq idorasining 49 million AQSh dollari miqdorida jarima to`lash haqidagi e`tirozini o`rinsiz topib, mojarani sud orqali hal etishga kirishgan edi. Kompaniya vakillari mojaro O`zbekiston sud tizimida hal etilmasa, xalqaro arbitraj sudiga murojaat qilishlarini bildirgan.

Qo`shma korxonaning 50 foiz aksiyalari Nyumont korxonasiga qarashli bo`lsa, 50 foizi O`zbekiston davlatiga tegishli. Avval xo`jalik sudining qarori bilan qo`shma korxonaga nisbatan bankrotlik tekshiruvi boshlangan, tashqi boshqaruv esa O`zbekiston davlat mulk qo`mitasiga o`tkazilgan edi.

Ayni paytda Nyumont kompaniyasiga qarashli aksiyalar, kompaniya hisob raqamlari nazoratga olingani haqida ma`lumotlar bor.

Mahalliy ekspertlardan biri Toshpo`lat Yo`ldoshev nazarida konstitutsiyaviy sud qarori xalqaro darajadagi shikoyatga o`rin qoldirmasdan, mulkni musodara qilish imkoniyatini beradi:

“Che el investorlari O`zbekistonda ishlab, hukumat ishidan qoniqmasa, xalqaro arbitraj sudlariga murojaat qiladi. Endi hozir konstitutsiyaviy sud chiqargan qaror xalqaro arbitraj sudiga murojaatni tan olmayapti.

Bu xalqaro bitimlarga to`g`ri kelmaydi. Sud qarori O`zbekiston hukumati chet el investitsiyasini kafolatlamaydi, hukumatga mulkni talon-taroj qilish imkoniyatini beradi”, - deydi ekspert.

Ekspert fikriga ko`ra, konstitutsiyaviy sud qarori aynan hukumat rahbariyatining topshirig`i bilan chiqarilgan:

“Londonda, Stokgolmda arbitraj markazlari bor, o’shalarga murojaat qilib, mojaro hal qilinishi mumkin. Ikkila tomon rozi bo`lsa, sud qabul qiladi degan qarorga kelayapti. Bu yerda birov birovning mulkini bosib olishi haqida gap ketayapti, shu narsa adolatli hal etilishi kerak edi.

Hukumat Konstitutsiyaviy sudga topshiriq bergan, sud xuddi qullarcha ish tutib, Konstitutsiyaga zid bo`lgan qarorni qabul qilgan”, - deydi Yo`ldoshev.

Kuzatuvchilarning aytishicha, O`zbekiston tabiiy zahiralar va iste’mol bozorining qamrovi jihatidan investitsiya kiritish uchun qulay. Biroq hukumatning iqtisod ustidan yakka hokimligi, xususiy mulkchilikka oid qonunlar ishlamasligi O`zbekistonning bu boradagi imkoniyatalarini cheklab kelmoqda.

Qozog`iston iqtisodiga 50 milliard dollardan ko`p sarmoya kiritilgan bir paytda O`zbekistonning bu boradagi ko`rsatkichlari bir necha marta past ekani e’tiborli hol.

Kuzatuvchilar takidlashicha, shu paytgacha o’tkazilgan tahlillarda O`zbekistonga sarmoya kiritish xavfli deb baholab kelingan. O`zbekiston konstitutsiyaviy sudining mazkur qarori mamlakatga sarmoya kiritish xavfini yanada kuchaytiradi.

XS
SM
MD
LG