Breaking News

Chinoz baliq bozorida namoyish, Toshkent-Termez yo'li to'xtab qolgan


Chinozda bo`lib o`tgan norozilik namoyishi natijasida Toshkent –Termez katta yo`li besh saot mobaynida berkitib qo`yilgan.

Namoyishchilar o`z talablari qondirilmagan taqdirda norozilik kattaroq qamrovda davom etishini bildirmoqda.

Chinozdagi baliq bozorida ishlovchi tadbirkorlarning noroziligiga mahalliy hokimyatning baliq bozorini Toshkentga ko`chirish haqidagi qarori sabab bo`lgan. Baliq bozorida savdo asosan tunda o`tkaziladi. 27- 28 noyabrga o`tar kechasi bozor berkitilgan.

Bu qaror bozorda ishlayotgan savdogarlarning keskin noroziligiga sabab bo`lgan. Qarshilik namoyishga aylangan.

Mahalliy hokimyat tomonidan bozor ishlashiga ruxsat berilgandan keyingina katta yo`l ochilgan. Namoyishda 500 dan ko`p, ayrim ma’lumotlarga ko`ra uch mingga yaqin kishi ishtirok etgan.

Bundan tashqari, voqea guvohlariga ko`ra, katta yo`l berkilishi natijasida poytaxtdan chiqayotgan va kirayotgan mashinalar qatori besh kilometr masofagacha cho`zilgan.

Namoyishchilarda mahalliy hokimyat va’dalariga unchalik ishonch yo`q.

Bozor yopilgan taqidirda, namoyishlar hozirgidan kattaroq ko`lamda davom etadi.

“Bizga yordam bersin degan niyatda yo`l yopilgan. Toshkentliklar eshitsin, hokimlar kelib bizga yordam bersin deyilgan. Xalq chiqib... Yo`lni yopib... Maqsad bozorni ko`chirmaslik. Buguncha tinch. Agar yana shunday bo`ladigan bo`lsa, xalq bundan ham battar qiladi”, - deydi namoyish ishtirokchilaridan biri.

Baliq bozorida tirikchilik qilayotgan o`smir namoyishlarni shunday tasvirlaydi:

“Yo`lga chiqdik, mashinalar to`xtadi, nima bo`ldi deyishdi, o’tmaysizlar, deyishdi. Militsiyalar keldi, o`tadi deyishdi, o`tmaydi deyishdi. Toshkentda hamma zavodlar va fabrikalar, ish joylar bor, yashasa bo`ladi, bu yerda bozorni ko`chirsa biz och qolamiz, deyishdi xotinlar. Keyin mashinalar uyulib ketdi, bir-ikkitasining kasali bor ekan, xudoyiga ketayotganlarni o`tkazib yuborishdi, olganlari to`xtadi, uyulib ketdi. Keyin hokim keldi, majlis bo`ldi, majlisda bozor qoladi debdi. Keyin ham mashinalar o`tmadi. Faqat baliq kelgandan keyin mashinalarni o`tkazib yubordi”, - deydi u.

Ayrium ma’lumotlarga ko`ra namoyishda jabrlanganlar ham bo`lgan. Ular Toshkentga kelayotgan va katta yo`lni ochishni talab qilgan avtobus haydovchilari bo`lgan.

Namoyishchilar takidlashicha, Chinoz tumani aholisining katta bir qismi faqat shu bozor tufayli tirikchilik o`tkazib keladi. Ishsizlik darajasi juda yuqori, fabrika, zavod, korxonalar ishlamaydi, agar bozor yopilgudek bo`lsa, taxminan 20 migga yaqin kishi nonsiz qoladi:

“Odamlar bola-chaqasini qanday boqadi? Hamma shu yerda tirikchilik qiladi. Toshkentga ko`chmaydi, shu yerda qoladi deb janjal qilishdi. Toshkentga ko`chsa, bolalarimizni kim boqadi? Bizga ish topib bersin, oylikni vaqtida bersin! Meni uchta bolam bor. Erim ishlamaydi, ish yo`q. Baliq olib, dudlab sotamiz. Boshqa joydan pul yoq. Faqat shundan qolgan 3-4 ming so’mga tirikchiligimizni o`tkazamiz”, - deydi ayollardan biri.

Boshqa bir kishiga ko`ra namoyish asosan ayollar tomonidan tashkil qilingan. Hozirgi og`ir vaziyatda tirikchilik tashvishi faqat ayollar zimmasiga tushmoqda.

“Erkaklar zabostovka qilolmaydi, ularda erkinlik yoq. Faqat ayollar... Ko`rsangiz, kiyimlari bir ahvolda, qiyin”, - deydi u.

Uning aytishicha, agar erkaklar namoyishga qo`shilgudek bo`lsa, hukumat tomonidan kuch ishlatilishi aniq, shuning uchun ham asosiy yukni ayollar o`z zimmalariga olgan.

Namoyish ishtirokchilaridan bo`lgan bir ayolga ko`ra hokimyat vakillari avval bosim ko`rsatgan. Ular isyonchilarni jazolash bilan qo`rqitgan, biroq namoyishchilar qa’tiyati hokimyat vakillarini chekinishga, bozorni ishga tushirishga majbur qilgan.

Bozor nima sababdan ko`chirilishi haqida namoyishchilar turli qarashlarni bildiradi. Jumladan, Toshkentda hukumatga yaqin odamlardan biri bozorni sotib olish haqida qarorga kelgani, poytaxtda baliq bozori uchun maxsus joy hozirlangani kabi taxminlar mavjud .

Namoyishchilar fikricha namoyish kuni shu maqsadda barcha baliq ortilgan mashinalar ushlab qolingan va ayrimlari majburan Toshkentga jo`natilgan.

Toshkent - Termez katta yo`li yonida joylashgan bu bozorda savdo tungi soat birlardan tonggi beshlargacha davom etadi. Baliq shu bozordan respublikaning bosha viloyatlariga, jumladan poytaxtga ham tarqatiladi. Chinoz bozori respublikadagi enga katta va asosiy baliq bozori hisoblanadi.

Toshkent tomonidan bu bozorga boshlangan qiziqish aynan shu tomonlar bilan ham izohlanmoqda.

Chinoz bozorida yuz bergan namoyishlar haqida mahalliy matbuotda hech qanday ma’lumotlar berilmagan va bu borada rasmiy munosabat ham ma`lum emas.

XS
SM
MD
LG