Breaking News

Ozarbayjonda mustaqil matbuot ta'qib qilinmoqda


Ozarbayjon rasmiylari mamlakatdagi ilk va eng yirik mustaqil tele va radio stansiya ishini to’xtatib qo’ydilar. A-En-Es (ANS) teleradiokanali mahalliy, umumdavlat va xalqaro yangiliklar, sport, ko’ngilochar va bolalar dasturlarini efirga berishdan tashqari Amerika Ovozi, Ozodlik radiosi va Bi-Bi-Si radiodasturlarini ham retranslyatsiya qilish bilan shug’ullanar edi. Prezident Ilhom Aliyev hukumati mamlakatda mustaqil matbuot faoliyatini cheklab qo’ydi.

AQSh Davlat departamenti bayonotida aytilishicha, A-En-Es mustaqil teleradiokanalini yopish hamda “Ozodlik” xususiy gazetasi va “Turon” mustaqil axborot agentligini faoliyat yuritayotgan binodan chiqarish buyrug’i bilan Ozarbayjon hukumati mustaqil jurnalistlar faoliyatiga to’siq qo’ymoqda.

AQSh Davlat departamentining jahon bo’ylab inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni yoritgan yillik hisobotiga ko’ra, Ozarbayjon qonunchiligida matbuot erkinligi kafolatlangan va senzura taqiqlanadi, biroq amalda hukumat qonunni inkor etib kelgan. Hukumat mustaqil matbuotni ig’vo tarqatish aybi bilan sud qilish va yirik hajmda jarima solish bilan jurnalistlarni qo’rqitib va ta’qib qilib kelgan, deyiladi Davlat departamentining bu yilgi hisobotida.

Bosh idorasi Bryusselda joylashgan Inqirozlarni o’rganish bo’yicha xalqaro guruh tahliliga ko’ra, A-En-Es kanalining yopilishi jamoatchilik ichidagi bahsu munozalarni cheklaydi va Tog’li Qorabog’ mojarosiga yechim topishda jamiyatdagi axborot almashinuvi jarayoniga ziyon yetkazadi.

Qo’shma Shtatlar Ozarbayjon hukumatini demokratiya va matbuot erkinligiga sodiqligini isbot qilishga chaqiradi.

XS
SM
MD
LG