Breaking News

Abdujalil Boymatov: O'zbekiston katta o'zgarishlar bo'sag'asida


Shu kunlarda Yevropa Ittifoqi rasmiylari Toshkentda O’zbekiston bilan inson huquqlari bo’yicha muloqot qilishga urinmoqda.

O’zbekiston Yevropa bilan salbiylashgan aloqalarni tiklash hamda Yevropa Ittifoqining O’zbekistonga sanksiyalarini kengaytirilishining oldini olish maqsadida vaqti-vaqti bilan inson huquqlari bo’yicha muloqot olib borishga rozilik bergan.

Yevropa Ittifoqi respublikadagi ahvolni nazorat qilishini va O’zbekistonga nisbatan siyosatini har uch oyda vaziyatga qarab yangilashini bildirgan.

O’zbekistondan iyul oxirida chiqib ketib, Irlandiyaga kelgan O’zbekiston inson huquqlari jamiyati raisi o’rinbosari Abdujalil Boymatov o’tgan oy oxirida Bryusselga safar qilib, u yerda Yevropa Ittifoqi vakillari bilan O’zbekistonda inson huquqlari ahvolini muhokama qilgan. Abdujalil Boymatov Yevropa Kengashi, Yevroparlament va Yevropa Komissiyasi vakillariga uch masala bo'yicha fikrlarini bildirgan.

Birinchisi, O'zbekistonda inson huquqlarining umumiy ahvoli. Abdujalil Boymatovga ko'ra, O’zbekiston inson huquqlari jamiyatining ko’plab a’zolari ayni damda qamoqda yoki ruhiy kasalxonada. Jamiyat raisi Tolib Yoqubov ham qator tazyiqlardan so’ng Fransiyada boshpana olishga majbur bo’ldi.

Abdujalil Boymatovning Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan muhokama qilgan ikkinchi masala Ittifoqning O'zbekistonga kiritgan sanksiyalari bo'yicha bo'ldi. Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga nisbatan siyosatni o’zgartirishi kerak, chunki sanksiyalar samara bermayapti. Biroq shu bilan birga Yevropa Ittifoqi O'zbekiston bilan aloqalarni to'la rivojlantirmasligi kerak, chunki mamlakatda ko'plab inson huquqlari muammolari mavjud, deydi huquq himoyachisi.

Uchinchi masala Andijon voqealari haqida bo'lgan. Abdujalil Boymatovning aytishicha, Yevropa Ittifoqi O’zbekiston bo’yicha ikki komissiya tuzish niyatida. Ularning biri Andijon voqealari bilan shug’ullanadi va bu borada O’zbekistonda ish olib boradi. Ikkinchi guruh esa respublikada inson huquqlari bilan bog’liq umumiy ahvolni o’rganadi.

Boymatov Andijon voqealari bo'yicha komissiya tuzilishini olqishlashini aytish bilan birga komissiyaning voqealardan bir yarim yildan ortiq vaqt o'tgach keraklicha ma'lumot to'play olishiga shubha bildirmoqda.

Huquq himoyachisinig aytishicha, O’zbekiston hukumati rivojlangan davlatlar bilan aloqani yaxshilashi kerak, chunki Rossiya va Xitoy bilan do’stlikdan foyda kam. Abdujalil Boymatovga ko’ra, O’zbekiston G’arb bilan aloqalarni yaxshilash uchun o’tmishda ikkita imkoniyatga ega bo’lgan. Hozir unga yana bir imkoniyat berilmoqda.

Abdujalil Boymatov ayni damda Irlandiya poytaxti Dublinda joylashgan inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi Front Layn (Front Line) tashkiloti bilan hamkorlik qilmoqda.

Uning aytishicha, O’zbekiston katta o’zgarishlar bo’sag’asida turibdi. Chunki, birinchidan, O'zbekiston qo'shni mamlakatlarga qaraganda ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan orqada qolmoqda. Ikkinchidan, prezidentning yoshi o'tgan sari mamlakatning siyosiy kelajagi mavhumligicha qolmoqda. Uchinchidan, deydi Abdujalil Boymatov, xalqning hukumat siyosatiga nisbatan noroziligi o'smoqda.

XS
SM
MD
LG