Breaking News

AQSh Manasdagi to'qnashuv haqida xulosalarini bayon qildi


AQShning Qirg’izistondagi elchixonasiga ko’ra, Amerika havo kuchlari generali Gari Nort Qirg’iziston rasmiylari bilan muloqot qilgan.

AQSh elchixonasi matbuot xizmati xodimi Azamat Abobakirovning aytishicha, amerikaliklar qirg’iz rasmiylariga shu yilning 26 sentyabr kuni Bishkekdagi “Manas” aeroportida yuz bergan AQSh harbiy uchog’i va Qirg’izistonga tegishli yo’lovchi tashish uchog’i to’qnashuvi borasida komissiya xulosalarini taqdim qilganlar.

26 sentyabr’ kuni Bishkekdagi “Manas” aeroportida Afg’onistondan qaytgan AQSh yoqilg’i quyish uchog’i va prezident Qurmanbek Bakiyev chet-el safarlarida foydalanadigan TU-154 rusumidagi yagona uchoq to’qnashgan edi. To’qnashuv natijasida har ikkala uchoqqa jiddiy shikast yetgan.

Qirg’iziston rasmiylari voqeani o’rganish jarayonida AQSh harbiy havo kemasi uchuvchilari aybdor deya xulosa chiqarganlar va yo’lovchi tashish uchog’iga yetgan zarar uchun amerikaliklardan badal talab qilmoqdalar. AQSh komissiyasi esa, uchoqlar to’qnashuviga qirg’izistonlik aviadispetcher yo’l qo’ygan xato sabab bo’lgan deya hisoblaydi.

AQSh elchixonasi matbuot xizmati xodimi Azamat Abobakirovga ko’ra, general Gari Nort qirg’iz rasmiylariga kelgusida to’qnashuvlar sodir bo’lishining oldini olish maqsadida ko’rilgan xavfsizlik choralari va aeroportda uchoqlar parvozi xavfsizligini ta’minlash maqsadida ko’rilayotgan qo’shimcha choralar haqida ma’lum qilgan.

Uchrashuv so’ngida tomonlar voqea bo’yicha paydo bo’lgan muammolarni hal qilishga qaratilgan keyingi qadamlarni muhokama qilganlar. General Gari Nortga ko’ra, bu masala bo’yicha muhokamani davom ettirish uchun 2007 yil yanvar’ oyi o’rtalarida Amerikadan Qirg’izistonga mas’ul shaxslar tashrif buyuradilar.

XS
SM
MD
LG