Breaking News

O'zbekiston xalqi 2007 yildan ko'p narsa kutmoqda


2006 yil O`zbekistonda ijtimoiy beqarorlik davri bo'ldi.

Rasmiy matbuot buni inkor etadi. O'tgan yilning muhim siyosiy voqeasi sifatida O`zbekiston prezidenti Islom Karimovning Oliy Majlisga taqdim etgan Davlat boshqaruvida siyosiy partiyalarning ishtirokini oshirish haqidagi qonun loyihasi keltiriladi.

Rasmiy Toshkent yutuq sifatida baholayotgan yana bir o'zgarish Rossiya bilan aloqalarning ittifoqchilik darajasiga ko`tarilgani va Yevropa Ittifoqi bilan muzokara boshlanganidir.

Mustaqil siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ta’kidlashicha, 2006 yilda hukumat siyosiy aloqalarda o`z pozitsiyalarini mustahkamlashga va xalqaro jamoatchilik bilan ayrim aloqalarni tiklashga muvaffaq bo`lgan.

“Umuman olganda, 2006 yil O`zbekiston jamiyati uchun katta o`zgarishlar yili bo`lmagan. Meni nazarimda ichki ishlab chiqarish ikki martaga o`sgandagina rivojlanish bo`ladi. Bunday ko`rsatkich yaqin 4-5 yil ichida O`zbekistonda kuzatilmaydi, ijtimoiy beqarorlik ildizlari saqlanib qolveradi”, - deydi Rabbimov.

O`zbekistondagi huquq himoyachilari uchun 2006 yil eng o`gir kelgan yillardan biri sifatida e`tirof etiladi. 2005 yilda Andijon fojeasidan keyin boshlangan tazyiqlar 2006 yilda ham davom etgan. O`nlab huquq himoyachilari, mustaqil jurnalistlar qamoqqa tashlangan.

Huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyevning aytishicha, 2006 yil o`zbek jamiyatida va iqtisodiyotida inqiroz davom etganligi bilan tashvishlidir.

“Shunday inqirozllar bo`lmasligi uchun kurashayotgan insonlarga ayniqsa qiyin bo`ldi. Inson huquqlarini toptash yili bo`ldi deyish mumkin. Huquq himoyachilari qamaldi, kaltaklandi, quvg`inga uchradi. Ko`plar vatanni tashlab ketishga majbur bo`lishdi. Bizning jamiyatni o`zidan hozir sakkiz kishi qamoqda. Ularning hammasiga aministiya qo`llanilishi kerak edi, biroq haliyam qamoqda o`tirishibdi. Agar 2007 yil boshidan aniq demokratik islohotlar o`tkazilmas ekan, bu turishda davlatchiligimizni o`zi xavf ostida qoladi”, - deydi Hamroyev.

O`zbekiston jamoatchiligi, ziyolilari hayotida 2006 yil qanday iz qoldirgan, ular faoliyati uchun qanday imkoniyatlar yaratilgan?

Yozuvchi Zohir A`lam nazarida haqiqatni aytmoqchi bo`lgan ziyolilar hayoti o`girligicha qolgan, diktatura kuchaygan, erkin gapirish ta`qiqlangan.

“Ziyoli bo`lgandan keyin xalqni hayotini gapirishga majbur. Shuning uchun xalqni hayotida qiyinchilik davom etmoqda. Qishloqlarda yashash juda qiyin, xalqning asosiy kuchi qo`shni mamalkatlarga ketib qolayapti. Xalqni hayoti nihoyatda og`irlashdi. Shularni o`ylamagan, hukumat tarafida turgan ziyolini hayoti yaxshilandi. Lekin farovon deyishga uyaladigan ziyolilar, jumladan o’qituvchilar ahvoli o`girlashdi, faqat qashshoq maoshga qarab qoldi. Yozuvchi so`zini tashviq qilish imkoniyati kam. Shunday muhit yaratildiki, birinchidan rost so`z chiqarilmaydi, agar sha`ma sifatida chiqarilganda ham tiraji kam”, - deydi yozuvchi Zohir A`lam.

Kuzatuvchilar kelayotgan 2007 yil haqida biroz umid bilan gapirishadi.

Bu 2007 yilda O`zbekistonda kutilayotgan prezidentlik saylovlari va bu saylovlarning demokratik tamoyillar asosida o`tadi degan umid bilan bog`liq.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov, 2006 yil demokratik dunyo uchun bir qator diktatorlarning o`limi bilan ham esda qoladi, deydi:

“Turkmanistonda Niyozovning qazo qilishi, bugungi kunda Saddam Husaynning qatl etilishi, oyning boshida Chili diktatorining vafoti, Fidel Kastroning ham borgan sari ahvoli og’irlashayotgani haqida xabarlar bor. Shu jihatdan dunyo hamjamiyatida ijobiy bir kutish bor. Shu avtoritar tuzumga asoslangan jamiyatlarga ularning demokratik yo`lga o`tishiga bir imkoniyat berilishi mumkin”, - deydi Rabbimov.

Fikrlarga ko`ra, 2006 yil O`zbekistondagi asosiy xavf - ijtimoiy beqarorlikka barham bera olmagan.

Ishsizlik va og’ir iqtisodiy ahvol sharoitida erkin so`z va muxolifatga tazyiq esa bu beqarorolik tahdidini yanada chuqurlashtirgani bildirilmoqda.

XS
SM
MD
LG