Breaking News

AQSh Turkmanistonda hech kimni quvvatlamayapti


Yaqinda Turkmanboshidan ayrilgan Turkmanistonda 11 fevralga belgilangan prezident saylovlariga tayyorgarlik ketmoqda.

Muvaqqat rahbar Qurbonguli Berdimuhammedov prezidentlikka asosiy da’vogar. AQSh rasmiy Ashgabatni yaqindan, biroq ehtiyotkorlik bilan kuzatmoqda.

Saparmurod Niyozovning dafn marosimida qatnashgan AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Richard Baucher (Richard Boucher) “Amerika Ovozi” muxbiri Najiya Badikova bilan suhbatda, Turkmanistonda xalqqa iqtisodiy imkoniyatlar yaratish va siyosiy islohotlar o’tkazish birinchi o’ringa chiqishi lozim, deydi.

"Turkmaniston o'zgarishlarga tayyor ekanini bildirsa, biz ham ko'makka tayyormiz. Xalqning erkin axborot olish huquqi tiklanishi kerak",- deydi Baucher. "Bu talablar fuqaro jamiyati asoslaridir. Tabiiyki, biz Turkmaniston jamiyatida adolat va oshkoralik tarkib topsin, deymiz. Xalq bunga munosib".

Turkmanistonning tan olinmagan muxolifati prezident saylovlarida qatnashish u yoqda tursin, hatto mamlakatga kira olmaydi ham.

Muxolifat nazarida Turkmanistonda hokimiyat o’zgarmas ekan, amaldagi siyosat ham o’zgarmaydi, islohotlar ham bo’lmaydi.

AQSh Turkmaniston hukumatini muxolifatga yo’l berishga chaqirgan biroq bosim o’tkazishga shoshmayapti.

"Turkmanistonga xalqqa erkinlik berish qanchalik muhim ekanini tushuntirib kelamiz. Siyosiy erkinlik - har qanday jamiyat asosi. Lekin buni hukumatning o’zi olg’a surishi kerak. Yangilik qilish ular qo’lida. Biz biror nomzod yoki biror siyosiy tomonni quvvatlamaymiz. Ochiq jamiyat barpo eting, deymiz xolos",- deydi Baucher.

Qurbonguli Berdimuhammedov saylov kampaniyasini avj oldirar ekan, “yonilg’i siyosatimizda islohotlar qilamiz”, - deb va’da bermoqda. Biroq tabiiy gazini eksport qilishda u haligacha Rossiya quvurlariga tayanadi.

AQSh bilan imzolangan bitim va shartnomalarning hech biri shu kungacha samara bermagan, amalga oshirilmagan. Amerika diplomatlari bu borada aniq javob bermaydi va umumiy gaplar bilan chegaralanadi.

"Biz Markaziy Osiyoning har bir davlatini quvvatlab kelamiz. Toki ular tanlash huquqiga ega bo’lsin, gap quvurda ketyaptimi yoki neft va gaz kabi tabiiy boyliklarni sotishda. AQSh istagi shuki, davlatlar mahsulotlarini jahon bozori narxida sotsin, munosib daromad qilsin",- deydi Baucher.

AQSh Ashgabatdan ijobiy o’zgarishlar kutmoqda, biroq qaror qabul qilish Turkmanistonning Turkmanboshidan qolgan hukumati qo’lida.

XS
SM
MD
LG