Breaking News

Prezident Bush Iroq bo'yicha yangi strategiyani e'lon qildi


Prezident Bush nihoyat Iroq bo’yicha yangi strategiyasini ma’lum qildi.

Bush Iroqda xatoliklarga yo’l qo’yilganini tan oldi va Iroqqa qo’shimcha askar va iqtisodiy yordam safarbar etish kerakligini ta’kidladi.

Bushning endigi vazifasi - yangi strategiyani Kongress tasdig’idan o’tkazish va urushdan charchagan xalqni rejaning muvaffaqiyat qozonishiga ishontirish.

Prezidentning Iroq bo’yicha yangi strategiyasi anchadan beri kutilayotgan va hali e’lon qilinmasidanoq turli bahs va munozaralarga sabab bo’layotgan edi.

"Men olg’a surayotgan yangi strategiya AQShning Iroqdagi siyosatini o’zgartiradi va terrorga qarshi kurashda bizga g’alaba keltiradi," deydi Bush.

"Iroqda ayni damdagi vaziyat Amerika xalqini qoniqtirmayapti. Shu jumladan meni ham. Askarlarimiz Iroqda xizmatlarini mardonavor o’tamoqda. Oldilariga qo’yilgan har bir vazifani uddalamoqda. Agar xatolarga yo’l qo’yilgan bo’lsa, mas’uliyatni o’z zimmamga olaman."

Prezidentning Iroq bo’yicha yangi strategiyasiga ko’ra, AQSh Iroqqa 5 brigadadan iborat qo’shimcha 17,500 askar yuboradi. Sunniy isyonchilar va al-Qoida jangarilari faol harakatlanayotgan g’arbdagi Anbar viloyatiga qo’shimcha 4 ming dengiz piyoda askarlari safarbar etiladi.

Ayni damda Iroqda jami 130 ming AQSh askari xizmat qilmoqda. Qo’shimcha askarlar uchun Bush Kongressdan 5.6 milliard dollar so’ramoqda.

"Agar hozirgi muhim davrda qo’shinlar sonini oshirib, iroqliklarga zo’ravonliklarga chek qo’yishda yordam bera olsak, askarlarimizning uyga qaytishini tezlashtirgan bo’lamiz," dedi u.

Yangi strategiyaga ko’ra, Iroq xavfsizlik kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazayotgan AQSh maslahatchilari soni ham oshiriladi.

Qayta qurish va tiklanish ishlari va mahalliy aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish uchun bir milliard dollardan oshiq mablag’ ajratiladi. O’z navbatida Bush strategiyasiga Iroq hukumati majburiyatlarini ham kiritgan.

Unga ko’ra, Iroq tiklanish ishlari uchun 10 milliard dollar ajratishi va Bag’dodda mazhablararo zo’ravonliklarga chek qo’yish uchun 3 ta brigada tayyorlashi kerak bo’ladi.

Prezident Bushga ko’ra, uning strategiyasi harbiy qo’mondonlar tomonidan qo’llab-quvvatlangan. Iroq Bosh vaziri Nuri al-Maliki ham siyosiy yoki mazhablararo zo’ravonliklarga qarshi kurashga va’da bergan.

Bundan tashqari, dedi AQSh rahbari, Iroqqa qo’shni davlatlar ham Maliki hukumatiga yordam berishlari kerak, aks holda Qo’shma Shtatlar Iroqdagi terrorchi va isyonchilarga madad ko’rsatayotgan Eron va Suriyadagi tarmoqlarga hujum qiladi.

So’nggi so’rovga ko’ra, amerikaliklarning 72 foizi prezidentning Iroqdagi siyosatidan qoniqmayapti.

AQSh Vakillari Palatasi spikeri Nensi Pelosining aytishicha, Bush yangi strategiya bo’yicha maslahatlar davomida Kongressga umuman murojaat qilmagan.

"Avval prezidentning takliflari bo’yicha tinglov o’tkazamiz. So’ng esa uni ovozga qo’yamiz," - deydi spiker Pelosi.

Bugun AQSh Davlat kotibi va mudofaa vaziri Kongressdagi tinglovda Bush strategiyasini himoya qiladi.

XS
SM
MD
LG