Breaking News

Tahlilchilar Bush rejasiga shubha bilan qaramoqda


Prezident Jorj Bush Kongressdagi hisobotida qonun chiqqaruvchilarni Iroqdagi yangi strategiyasini qo’llab-quvvatlashga chaqirdi. Yaqin Sharq bo’yicha tahlilchilarning ayrimlari strategiya muvaffaqiyat keltirishiga shubha bilan qaramoqda. Kongressdagi ko’plab demokratlar va ba’zi respublikachilar strategiyadan joy olgan Iroqqa qo’shimcha askar yuborish rejasiga qarshi chiqmoqda.

Prezident Bushga ko’ra, uning rejasi Iroq hukumatidan kattaroq mas’uliyatni o’z bo’yniga olishni talab qiladi va mamlakat ichidagi AQSh askarlarini qo’shimcha madad bilan ta’minlaydi.

Amerika qonun ustuvorligi, inson huquqlari va xavfsizlikni ta’minlay oladigan demokratik Iroq qurishni o’ziga maqsad qilib olgan, deydi Bush.

"Biz bu ishga g’alaba qilish uchun qo’l urdik. Kongress Iroqqa kirishimizdan oldin muvaffaqiyatsizlik uchun ovoz bermagan. Ishni oxirigacha yetkazish uchun yana bir bor qo’llab-quvvatlang", dedi Bush Kongressga murojaat etarkan.

Amerika Taraqqiyoti markazi tahlilchisi Lorens Korb (Lawrence Korb) qo’shimcha askarlarni yuborish bilan Bag’dodda mazhablararo zo’ravonliklarga chek qo’yib bo’lmaydi, deydi.

"So’nggi olti oy ichida qo’shinlar sonini ikki bor oshirganmiz. Zo’ravonliklarga barham berilmadi, aksincha ko’proq iroqliklar va amerikaliklar qurbon bo’ldi. Ko’p qo’shinlar – ko’p nishon demakdir. Ko’proq amerikaliklar hayoti xavf ostida bo’ladi. Bu bilan Iroqning AQShga bog’liqligini kuchaytirmoqdamiz. Agar qo’shimcha qo’shinlar yuboradigan bo’lsak, AQSh strategik rezervidan ayriladi", deydi mutaxassis Korb.

Prezident Bushga ko’ra, uning yangi rejasi oldingilaridan farq qiladi, chunki bu safar Iroq rahbarlari ham o’z ulushlarini qo’shadilar, ya’ni Bag’dod xavfsizligini ta’minlash uchun qo’shin ajratadi, neftdan tushayotgan daromadni baham ko’radi va uni mamlakatni qayta qurish va mahalliy saylovlar o’tkazish uchun sarflaydi.

Xalqaro inqirozlar bo’yicha guruhning Yaqin Sharq bo’yicha tahlilchisi Robert Mali (Robert Malley) Iroq kuchlariga ishonch yo’q, deydi.

"Ularni tayyorgarlikdan o’tkazishimizdan oldinoq xato tushunchaga ega bo’lganmiz, ya’ni go’yoki ularni tayyorgarlikdan o’tkazsak, foyda bo’ladi, deb. Gap tayyorgarlikda emas, sodiqlikda. Agar ular jangari guruhlarga sodiq bo’lsa, ular har qancha tayyorgarlikdan o’tkazmang, bizga foydasi yo’q."

Iroqdagi urushning ashaddiy tanqidchilaridan biri demokrat kongressmen Jon Murtaning (John Murtha) aytishicha, mojaroni harbiy yo’l bilan hal qilib bo’lmaydi.

Hindiston, Jazoir va Afg’oniston misollaridan shuni bilish mumkinki, tashqi istilo hech qachon ish bermagan. Aksincha ular tartibsizliklarni keltirib chiqaradi. Armiyamiz dunyodagi eng qudratli armiya, biroq uning harbiylarga istilochilar sifatida qarayotgan aholini nazorat qilish salohiyati cheklangan.

AQSh harbiy shtablari sobiq rahbari bo’lgan, iste’fodagi general Richard Mayerzga (Richard Myers) ko’ra esa, qo’shimcha askarlar Bag’dodni tinchlantirishga qodir.

Strategiyaning nafaqat harbiy, balki siyosiy va iqtisodiy tomonlari ham bor. Barcha komponentlar uzviy bog’langan.

Amaldagi AQSh qo’mondonlari prezident strategiyasini qo’llab-quvvatlagan, biroq qo’shinlar u yerda qancha vaqt bo’lishini hozircha hech kim aytolmayapti.

XS
SM
MD
LG