Breaking News

Iroqda aybdorni emas, mojaro yechimini izlash zarur


AQSh prezidenti Jorj Bush fikricha Iroq muammosi hal qilinmasa, bu AQShga qimmatga tushishi mumkin. O`zbekistonlik kuzatuvchilar nazarida chigal vaziyatning aniq yechimi ko`rinmayapti.

AQSh prezidenti Jorj Bushning Kongressda so`zlagan nutqida Iroqdagi vaziyatga to`xtab o`tildi. Amerika uchun Iroqdan g`alaba bilan chiqish o`ta muhum, deydi Bush.

Bundan avval AQSh prezidenti tomonidan Iroqdagi vaziyatga oid yangi strategiya e`lon qilinib, Iroqqa qo’shimcha harbiylarni jalb etishga qaror qilindi.

Iroqdagi vaziyat, AQSh yuritayotgan siyosat o`zbekistonlik siyosatshunoslar tomonidan ham kuzatib boriladi, Iroqda vaziyatning barqarorlashishi mintaqa hayoti uchun muhumligi ta’kidlanadi.

Siyosatshunoslar fikriga ko`ra, Jorj Bush e`lon qilgan strategiya vaziyatdan chiqish yo`llarini ko`rsatmaydi.

Siyosiy axborot tahlil markazining eksperti Sharofiddin To`laganovning aytishicha, AQShning Iroqdagi yangi strategiyasi vaziyatning yanada chigallashishiga xizmat qilmoqda.

“Harbiylar hech narsani hal etmaydi, mazhablararo tinchlik bo`lmas ekan, Iroq qaynagan qozon o`lib qolaveradi. AQSh prezidenti xatolarini tan oldi. Uning yana bir xatosi Eron va Suriyani chetlatib qo`yishdir”, - deydi To’laganov.

Mustaqil siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida vaziyatning murakkablashishida faqat AQShni ayblash noto`g`ri bo`lar edi.

“Iroqdagi vaziyatning bu qadar chigallashishini boshida taxmin qilish qiyin edi. Bu AQShning xatosi ham emas, mag`buliyati ham emas. Bu Iroqdagi mavjud vaziyatning aks-sadosi. Vaziyat ertami, kechmi, baribir hal bo’lishi kerak edi. Hozir bu yerda AQSh aybdormi, yoqmi degan masalani qo’yish o’rinsiz. Ilmiy tilda aytganda kirish strategiyasi bor edi, lekin chiqish strategiyasi muammo bolib turibdi”, - deydi Tolipov.

Bush nutqida energetik strategiyani takomillashtirish masalasining tilga olinishi Vashington tashqi siyosatida yangi energetik manbalar, jumladan, Kaspiy dengizi atrofidagi mamlakatlar bilan transportirovka masalasida faol siyosat boshlanishidan darak berishi mumkin, deydi u.

Tahlilchi Baxtiyor Isabek mulohazasiga ko`ra, O`zbekiston jamoatchiligining AQShga nisbatan munosabatida Iroq masalasi ta’sirini e’tibordan chetda qoldirib bo`lmaydi.

“O`zbekiston jamoatchiligi AQShning Iroqqa bostirib kirishini qo’llab-quvvatlagani yo’q. Bundan tashqari, Iroqda minglab musulmonlar qirilayotganiga ham befarq qarab turolmaydi. Shu tomonlari bilan AQShning Iroqdagi siyosati AQShning O`zbekistondagi mavqei yaxshilanishiga xizmat qilgani yo’q”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Siyosatshunoslar fikricha Iroqdagi vaziyat keskinliligicha qolmoqda. Keskinlikni bartaraf etish uchun, hozircha, AQShdan boshqa kuchning o`zi yo’q.

Bu vaziyatda qo`shinlarning kiritlishi ham, olib chiqilishi ham, deydi ular, vaziyatning undanda murakkablashishiga xizmat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG