Qirg’iziston prezidenti Kurmanbek Bakiyev mamlakat Bosh vaziri lavozimiga Qishloq xo’jaligi vaziri Azim Isabekov nomzodini taklif qildi.
Avvalroq Bakiyev bu vazifaga sobiq hukumat rahbari Feliks Kulov nomzodini parlament tasdi’gi uchun ikki marotaba kiritgan edi, biroq parlament prezidentning taklifini rad etdi.
Feliks Kulov konstitutsiyaviy o’zgarishlardan norozi bo’lib, bir oy avval lavozimidan ketgan edi. Prezident Bakiyev o’tgan yilning noyabr oyida xalq talabi bilan yangi konstitutsiyani imzoladi. Biroq oradan ko’p o’tmay mamlakatda prezident vakolatlarini kengaytiruvchi hujjat qabul qilindi.
Qirg’iziston Konstitutsiyasiga ko’ra, parlament prezidentning bosh vazirlikka taqdim etgan nomzodini uch marta qaytarsa, davlat rahbari parlamentni tarqatib yuborishi mumkin.