Breaking News

Jahon bo'ylab jurnalistlarga tazyiq kuchaymoqda


Bosh idorasi Parijda joylashgan Chegara Bilmas Muxbirlar (Reporters Sans Frontieres) tashkilotiga ko’ra, 2006 yilda jahon bo’ylab qurbon bo’lgan va panjara ortiga tashlangan jurnalist va matbuot xodimlarining soni so’nggi o’n yil ichida eng yuqori ko’rsatkichga yetgan. So’z va matbuot erkinligini himoya qilishni maqsad qilgan tashkilot yillik hisobotini chiqardi.

Tashkilotning Vashingtondagi vakili Lyusi Moriyonning aytishicha, hisobotda 90 ta mamlakatdagi matbuot bilan bog’liq ahvol yoritilgan. Hisobotda Shimoliy Koreya, Eritreya, Kuba va Turkmaniston jurnalistlarga eng kuchli tazyiq o’tkazayotgan davlatlar sifatida e’tirof etilgan.

O’tgan yili 110 jurnalist va matbuot xodimi o’ldirilgan, deyiladi hisobotda. Bu esa Lyusi Moriyonga ko’ra, 1994 yildan beri eng yuqori ko’rsatkich.

"Bu tashvishga molik hol. 2007 yil ham jurnalistlar uchun yaxshi yil bo’lmasligini bashorat qilamiz. Bir oyning o’zidayoq olti nafar jurnalist va to’rt nafar matbuot xodimi o’ldirildi."

Hisobotda Xitoy hukumati siyosati tanqid ostiga olingan. Hukumat axborot ulashmaydi, mahalliy matbuotni o’z-o’zini senzura qilishga majburlaydi, deydi Chegara Bilmas Muxbirlar tashkiloti vakili.

"Biz yaqinda Xitoyda bo’ldik va matbuot erkinligi masalasini ko’ndalang qo’ydik. Hukumat rasmiylari qamoqdagi jurnalistlar va Internet mijozlarining ishini qayta ko’rib chiqishga va’da berdi," deydi Lyusi Moriyon.

Hisobotda O’zbekiston ham tilga olingan. Unga ko’ra, 2005 yil may oyidan buyon hukumat mahalliy va xorijiy muxbirlarga tazyiq o’tkazishda davom etmoqda. O’zbekistonda xorijiy jurnalistlar agitator va terrorchi, ular bilan hamkorlik qilayotgan o’zbekistonlik muxbirlar esa vatan xoinlari deb baholanmoqda, deyiladi hisobotda. 2006 yilda mustaqil jurnalistlar hibsga olingan, tazyiqqa uchragan, mustaqil Internet saytlariga kirishga esa to’siq qo’yilgan. Barcha Internet provayderlar O’zbektelekom davlat kompaniyasi orqali ish yuritishga majbur qilingan, deyiladi Parijdagi Chegara Bilmas Muxbirlar tashkilotining 2006 yil bo’yicha chiqarilgan hisobotida.

XS
SM
MD
LG