Breaking News

AQSh tashkiloti Andijon voqealariga aloqadorlikda gumon qilinmoqda


Press-uz.info axborot agentligining O`zbekiston Adliya vazirligidagi manbaga asoslanib ma’lum qilishicha, AQShga qarashli PROJECT HOPE (Umid Loyihasi) xalqaro nodavlat tashkiloti ustidan Andijon fojealariga aloqadorlik yuzasidan tekshiruv ishlari boshlangan.

Tashkilotning asosan, O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi bilan o`tkazilayotgan hamkorlik dasturlari va tashkilot tomonidan O`zbekistonga ko`rsatilgan insonparvarlik yordamlari bilan ma`lum.

Axborot agentligi bildirayotgan gumonlarga ko`ra, xalqaro tashkilot Andijon fojealaridan keyin Qirgizistonda tashkil etilgan lagerlardagi qochqinlarga insonparvarlik yordami ko`rsatgan.

Qochqinlarga insonparvarlik yordami ko`rsatilgani uchun tekshiruv boshlash, deydu ayrim mutaxassislar, asossiz.

HOPE tashkilotining Markaziy Osiyo bo`yicha dasturlari rahbari Tom Morning mavjud e`tirozlar yuzasidan matbuotda bildirgan munosabatida aytilishicha, xalqaro tashkilot Andijon qochqinlariga insonparvarlik yordami ko`rsatgan bo`lishi mumkin, lekin insonparvarlik yordami uchun Andijon fojealariga aloqadorlikda gumon qilish taajjubli.

Xalqaro tashkilotning Toshkentdagi vakili, “Onalar va bolalar reproduktiv salomatligi” dasturi rahbari Faxriddin Nizomov ta’biricha, maqolada keltirilgan da’volar mutlaqo o`rinsiz, tashkilotga adliya vazirligi tomonidan biror rasmiy e`tiroz bildirilmagan.

Faxriddin Nizomovning aytishicha, maqola kim tomonidan yozilgani noma’lum. Muallifning ism-sharifi keltirilmagan, bularning hammasi ko`rsatilgan da’volarning asossizligidan dalolat beradi.

Xalqaro tashkilot vakili ma’lumotiga ko`ra, Qirg`izistondagi qochqinlarga O`zbekistondagi vakolatxona tomonidan insonparvarlik yordami ko`rsatilgan, bu yordam, asosan, nochor qolgan ayollar va bolalarga mo`ljallangan kiyim-kechaklardan iborat.

HOPEning O`zbekistondagi dasturlari, xususan, “Onalar va bolalar reproduktiv salomatligi” dasturi doirasida 2006 yilda 4 million AQSh dollari miqdorida insonparvarlik yordami ko`rsatilgan.

Kuzatuvchilar fikriga ko`ra, masala AQSh tashkilotini yopish haqida ketayotgan bo`lishi mumkin. Hozirgacha o`nlab xalqaro tashkilotlar faoliyati tugatilib, mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Siyosatchilar xalqaro tashkilotlar bilan bo`gliq vaziyatni Andijon fojealaridan keyingi jarayon asosida ko`rishadi.

Andijon fojealaridan keyin yuzlab andijonliklar mamlakatdan chiqib ketgan.

Dastlab, qochqinlar Qir`gizistonda bunyod etilgan vaqtinchalik lagerlarda qo`nim topgan bo`lsa, keyinchalik BMT qochqinlar qo`mitasi tomonidan Ruminiyaga olib ketilgan edi.

XS
SM
MD
LG