Breaking News

AQSh va Rossiya o'rtasida mojaro bo'lmaydi


AQSh va rossiyalik siyosatshunoslar fikricha ikki davlat o'rtasidagi tarang aloqalarga qaramay ochiq mojarogacha borilmaydi.

Rossiya sobiq Bosh vaziri Yevgeniy Primakov huzurida maslahatchi bo’lgan Mixail Delyaginning aytishicha, G’arb bilan to’qnashish Rossiya manfaatiga javob bermaydi.

"Hokimiyat tepasidagi guruh vakillarining bank hisob-raqamlari G’arbda joylashgan. Bundan tashqari shuni anglash kerakki, Rossiya armiyasi qudratli emas va iqtisodiyot o’ta bo’sh. Qora dengiz flotimiz esa Bolgariya va Ruminiya harbiy-dengiz kuchlariga ham bas kelolmaydi."

Siyosiy tahlilchi Andrey Piontkovskiyning aytishicha, 20-asrda o’zaro raqobatlashgan ikki kuch, Rossiya va Qo’shma Shtatlar endilikda hamkorlik qilishi zarur.

"21-asrda G’arbning ham, Rossiyaning ham ahvoli ancha qaltis. Oldimizda islomiy radikalizm va kuchayib borayotgan Xitoyning ehtimoliy tahdidi turibdi."

Rossiyalik taniqli jurnalist Yevgeniy Kiselyov AQSh va Rossiya umumiy manfaatlarga ega, deb hisoblaydi. Uning aytishicha, odatda rossiyaliklar Amerikadan iliq taassurotlar bilan qaytadi. Biroq, deydi u, AQShga asosan hokimiyat tepasidagilarning ayrimlari qarshi chiqmoqda.

Yevgeniy Kiselyov nazarida Rossiya rahbarlarida norasolik tuyg’usi rivojlangan va ular Amerikaning jahondagi yagona qudratli davlat ekanini, uning ijobiy va salbiy tomonlaridan qat’iy nazar, ko’ra olmaydi.

Yevropa Parlamentining germaniyalik a’zosi Aleksandr Lambsdorf fikricha AQSh tashqi siyosatidagi nuqsonlar Yevropa bilan aloqalarida jar hosil bo’lishiga sabab bo’lmoqda. Bundan esa Rossiya unumli foydalanmoqda. Yevroparlament deputati o’tgan oy Myunxenda Vladimir Putinning xalqaro xavfsizlikka bag’ishlangan anjumandagi nutqiga ishora qiladi.

"Sovetlarning Yevropani bo’lib AQShdan ajratib olish siyosati AQShning Yevropada zaifligi tufayli amalga oshmoqda. Agar Yevropada AQSh ma’muriyatini qo’llab-quvvatlashganda edi, Putinning anjumanda AQShga qarshi nutqi Yevropada hozirgiday olqishlanmagan bo’lardi."

Karnegi Markazining Moskvadagi xodimi Liliya Shevstova nazarida esa AQShning Yevropa bilan aloqalari Rossiya bilan aloqalariga qaraganda ancha yuqori darajada. Rossiya rahbarlarining G’arbga shubha bilan qarayotgani, deydi u, G’arb-Rossiya munosabatlarining yaxshilanishi yo’lida yotgan g’ovdir. Qo’shma Shtatlar Rossiyaning dinamik ijtimoiy guruhlari – yoshlar, ziyolilar va tadbirkorlariga e’tibor qaratishi lozim, deydi Karnegi Markazi tahlilchisi.

"Iqtisodiy hamkorlik Rossiyaning G’arbiy davlatlar hamjamiyatiga kirishishi uchun yaxshi yo’ldir. Qo’shma Shtatlar va G’arb davlatlari Ukraina, Belarus va Gruziyada demokratik jarayonlarga yordam bersa, ularning muvaffaqiyatlaridan qanotlanib Rossiya ham demokratik jamiyatga aylanishi mumkin," - deydi Liliya Shevtsova.

XS
SM
MD
LG