Breaking News

Siyosatdonlar nazarida Putin prezidentlikda qolishga urinishi mumkin


Rossiyada kelasi yil prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Nomzodlar tanlash, saylov kampaniyasi va saylovning o’zi oshkora va adolatli o’tsa, Rossiyada hukumatning demokratik ravishda yangilanishiga zamin yaratiladi.

Lekin, ko’plab siyosiy tahlilchilar buni shubha ostiga qo’yadi. Ular nazarida prezident Vladimir Putin hokimiyatni osonlikcha boy bermoqchi emas.

“Bu mening oxirgi muddatim” deb qanchalik jar solmasin, Putin konstitutsiyani o’zgartirib bo’lsa-da, prezidentlikda qolishga urinishi mumkin, deyishadi Amerika Ovozi bilan muloqot qilgan arboblar va siyosatshunoslar.

Vladimir Putin hokimiyatga bundan sakkiz yil oldin, Boris Yeltsin prezidentlikdan o’z xohishi bilan ketganidan keyin kelgan edi.

Yeltsin o’shanda Rossiya demokratiyaga tayyor deya ishonch bildirgan edi. Bugungi Rossiya ancha boshqacha. Lekin prezident Putin 2008 yilgi prezident saylovlari demokratik bo’ladi deb va’da bermoqda.

"Bo’lajak saylovlar haqida oldi-qochdi gaplar kerakmas. Men saylov ob-yektiv tarzda o’tadi deb aytganman. Xalqqa demokratik imkoniyat berilishi kerak",- deydi Putin.

"Men ham Rossiya Federatsiyasi fuqarosiman; faxrlanaman bu bilan. Men ham prezident kim bo’lishini erkin holda tanlashni istayman. Ammo buni saylov oldidan bildiraman xolos",- deydi Rossiya rahbari.

Siyosiy sharhlovchilar taxminicha prezidentlikka nomzodlar bosh vazir o’rinbosarlari Sergey Lavrov yoki Dmitriy Medvedev bo’lishi mumkin.

Ba’zilar esa konsitutsiyaga zid bo’lsa-da, Putinning hokimiyatda qolishini ma’qul ko’radi. Jumladan, o’zini Yuriy deb tanishtirgan moskvalik pensioner: "Biz Putindek prezidentni uzoq vaqt orzu qilganmiz. Balki Putin yana nomzodini qo’yar. Qo’ymasa, uning o’rnini bosishga munosib biror kishi topilar".

Putin biror yo’l bilan prezidentlikda qolsa, hech ham ajablanmagan bo’lardim, deydi Rossiya siyosati bilan yaqindan tanish amerikalik olim Deyvid Satter (David Sutter). Uning nazarida Putin konstitutsiyani chetlab o’tishga o’rgangan odam. Qonun prezidentga gubernatorlarni tayinlashni man etadi, lekin…

"Rossiya adliya tizimi prezident qaramog’ida. Mamlakat qonuni gubernatorlarni prezident tayinlamaydi desa-da, adliya tizimi Putinning bu boradagi qarorlarini rad eta olmadi",- deydi Satter.

Gubernatorlarning qonunga zid holda tayinlanishi Rossiyada markazlashgan hokimiyat hukmron ekanidan dalolat. Lekin ayrim siyosatdonlar fikricha, aksincha, Putin mamlakatda hukmron elitaga yangicha boshqaruv yo’llarini tanishtirmoqda. Putin vertikal emas, gorizontal tizimga asos solmoqda, deydi Rossiyada tanilgan siyosiy tahlilchi Liliya Shevtsova.

"Putin gorizontal mexanizm yaratmoqda. Unda jamiyatning hamma jabhasi, guruhlar, institutlar bir-birini muvozanatlaydi. Dumani Federatsiya Kengashi, Birlashgan Rossiyani Adolatli Rossiya, Medvedevni Sergey Ivanov, qolaversa xalq, vakillar, siloviklar… xullas o’zaro muvozanat vujudga keladi,"- deydi olima.

Lekin, deya qo’shadi Shevtsova, muvozanat deb Rossiya saylovlardan keyin yanada kuchliroq avtoritar tuzumga aylanishi mumkin.

G’arb nazarida esa Kreml mustaqil matbuot va siyosiy partiyalarni cheklamoqda hamda nohukumat tashkilotlari faoliyatiga bolta urmoqda va bu diktatura alomatlaridir.

AQShning keksa siyosiy arbobi Zbignev Bjejinski (Zbigniew Brzezinski) fikricha Rossiya chekinmoqda. Bo’lajak prezident saylovlari hokimyatning temir panjasi ostida o’tishi muqarrar, deydi Bjejinski.

"Lekin, lekin, men bir narsani tan olaman, Rossiyada demokratik institutlar uchun imkon berilishiga shubham yo’q. Bunga vaqt kerak. Agar Putin nomzodini qo’ymasa, buning o’zi katta muvaffaqiyat bo’ladi. Bunga ofarin deyish kerak bo’ladi, hatto keyingi prezidentni saylash jarayoni erkin va oshkora bo’lmasa ham",- deydi Bjejinski.

Rossiyada prezident saylovlari 2008 yilning 9 martida o’tishi kutilmoqda. Prezident lavozimga ikki oy o’tib qasamyod keltiradi.

XS
SM
MD
LG