Breaking News

AQSh demokratiyaga qo'shgan hissasini sarhisob qilmoqda


Bugun AQSh Davlat departamenti jahon bo’ylab inson huquqlari va demokratiyani qo’llashga qaratilgan siyosati va harakatlarini ta’riflagan yillik hisobotini beshinchi bor chiqardi.

Davlat departamenti hisobotiga ko’ra, AQSh hukumati o’tgan yili jahon bo’ylab inson huquqlarini himoyalash uchun 1.2 milliard dollar sarflagan. Davlat kotibi o’rinbosari Berri Lovenkronning aytishicha, Qo’shma Shtatlar erkin va adolatli saylovlar, demokratik hukumatlar, kuchli fuqarolik jamiyati va mustaqil matbuotni hamisha qo’llab-quvvatlab boradi.

"Qayerdaki demokratiyaning shu uch qismi zaif bo’lsa, o’sha yerda ularni kuchaytirishga harakat qilamiz. Qayerdaki ular tahdid ostida bo’lsa va hukumat ta’qibiga uchrasa, o’sha yerda ularni himoya qilamiz."

Hisobotda Markaziy Osiyodagi vaziyatga ham diqqat qaratilgan. Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar mahalliy nodavlat tashkilotlari va inson huquqlari faollari orqali fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga harakat qilmoqda.

Rangli inqiloblar ayrim hukumatlarni tashvishga solgani va buning oqibatida fuqarolik jamiyatiga ta’qib kuchaygani ta’kidlanadi. O’zbekistonda hukumat 200 dan ortiq tashkilotni yopishga buyurgan va ularning faoliyatini o’z nazorati ostiga olmoqchi, deyiladi hisobotda. Markaziy Osiyoda nisbatan erkin hisoblangan Qirg’izistonda ham chet-el grantlari hisobiga ishlagan mahalliy nodavlat tashkilotlariga hukumat bosimi kuchaygan.

AQSh Davlat departamentining hisobotida jurnalistlarga qarshi tazyiq ham tilga olingan. Qozog’iston hukumati ularning ko’plarini tuhmatda ayblagan, Turkmanistonda esa hukumat xavfsizlik agentlari muxbirlarni hibsga olgan, ularga do’q-po’pisa qilgan, ba’zi hollarda ularga qarshi kuch ham ishlatgan.

AQSh bu boradagi maqsadlarini amalga oshirishda qator qiyinchiliklarga duch kelgan, biroq shunga qaramay inson huquqlari va demokratlashtirishga qaratilgan dasturlarni qo’llab-quvvatlash uchun mintaqa hukumatlari bilan muloqot qilishga uringan.

AQShning mintaqadagi elchilari va Markaziy Osiyoga safar qilayotgan AQSh rasmiylari inson huquqlari ikkitomonlama aloqalarning muhim qismi ekanini uqtirishda davom etmoqda, deyiladi bugun chiqqan hisobotda.

XS
SM
MD
LG