Breaking News

Tojikistonda mintaqaviy ittifoq tashabbusini quvvatlayotganlar ko'p


O’z televizion muloqotida Yevropa Ittifoqini misol qilib keltirgan Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev “Mintaqa hech qayerga chiqmay, o’z-o’zini oziq-ovqat, energiya va boshqalar bilan butunlay ta’minlay oladi. Hatto bozor ham o’zini to’ldiradi. Bizga yana nima kerak? Xullas, bir-birimizni hurmat qilmaymiz, ko’rolmaymiz. Birligimizdan esa el manfaatdor bo’lardi”,- deydi.

Tojikiston kommunistlarining Xo’jand shahar firqa qo’mitasi raisi, tarix fanlari nomzodi Safarali Erkayev Nazarboyev taklifini ma’qullab, uning aqidasini region aholisi ham, Rossiya ham qo’llab-quvvatlashini aytadi.

“Lekin",- deydi u, "bu masalaga boshqa prezidentlarning munosabati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Siyosiy birlashish esa juda murakkab masala. Chunki Nazarboyev umumiy pul, umumiy chegara va boshqa munosabatlarni ham ko’targan. Markaziy Osiyodagi 5 respublika prezidentlari bunga qanday munosabatda ekanligini ham bilish kerak. Agar bu masalada umumxalq so’rovi o’tkazilsa, xalqning asosiy qismi “ha” deb javob beradi”.

Uning fikricha, xalqaro hamjamiyat hamda Amerika bu birlikka qarsi chiqisha mumkin. Unga ko’ra, agar xalqaro hamjamiyat birlik aqidasiga noto’g’ri munosabatda bo’lsa, ular bor kuchi bilan Markaziy Osiyo birlashuvining oldini olishga harakat qiladi.

“Shuning uchun AQSh bu birlashuvni xohlamaydi. Chunki o’zlarining ta’sir doirasiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Foydaga zarar keltirishi mumkin”, - deydi S. Erkayev.

Ammo nomini aytishni istamagan tojikistonlik o'zbek siyosatshunoslaridan biri fikriga ko’ra, Markaziy Osiyo Ittifoqini Amerika va Yevropa ham qo'llab-quvvatlaydi. "Chunki AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays o'zining Markaziy Osiyoga safarlarida bunday ittifoqni maqullagan”, - deydi u.

Jamiyatshunos Umarxon Po’latov va siyosiy tahlilchi Ali Ahmadlar esa Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqi g'oyasini dastavval O’zbekiston prezidenti Islom Karimov ilgari surganini, mustaqillik shabadalari esgan davrda bu g'oyaga boshqa rahbarlar qarshi turganini ta’kidlaydi. Markaziy Osiyo ittifoqi Rossiyadek mamlakatga muqobil davlat sifatida tanilishi mumkinligini e’tirof etadilar.

“SSSR davrida Markaziy Osiyoni iqtisodiy birlashtirish masalasini Karimov o’rtaga tashlagan edi. “Sen noto’g’ri fikr yuritayapsan” degan Nazarboyev edi. Chunki ular endigina o’tirgan lavozimlarini yo’qotmaslik uchun harakat qilgan edi,” - deydi kuzatuvchilardan biri.

Prezident Nazarboyev qoni va joni bir xalqlarning Turkiston respublikasiga birlashuvi bayramga aylanishini aytsa, tojikistonlik tarixchi olim yangi ittifoqqa “Turkiston” emas “Markaziy Osiyo Ittifoqi” degan jumla ishlatilishini maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

“Turkiston” kalimasini tushunadiganlar bor, tushunmaydiganlar bor, - deydi Erkayev.

XS
SM
MD
LG