Breaking News

Yevroparlament a'zosi: O'zbekistonga qarshi sanksiya kuchaytirilsin


Yevropa Ittifoqi rasmiy Toshkentga nisbatan siyosatini qayta ko’rib chiqar ekan, sanksiyalar yo yangilanadi, yo kuchaytiriladi, yo yengillashtiriladi, balki bekor qilinadi.

Yevropa Ittifoqini boshqarayotgan Germaniya nazarida Karimov rahbariyati bilan amaliy muloqot qilish kerak. Bu kabi muloqot, rasmiy Berlinning bildirishicha, allaqachon boshlangan.

Lekin muzokarada qatnashgan siyosatchilardan biri, Yevropa Parlamentining angliyalik a’zosi, Martin Kallanan (Martin Callanan) Amerika Ovozi bilan suhbatda, bu harakatlar samara berishiga ishonmasligini bildirdi. Yaqinda Toshkentda bo’lib qaytgan Kallananning O’zbekiston rasmiylaridan xafsalasi pir bo’lgan.

“Bir oycha avval Toshkentda O’zbekiston hukumati vakillari bilan uchrashganimda Andijonda nima bo’lgani haqida o’sha eski rasmiy fikr takrorlandi. Ular nazarida Andijonda terror xuruji bo’lgan, ko’p odam o’lmagan, hatto terrorchilardan ham”.

Yevroparlament a’zosi nazarida O’zbekistonga nisbatan amaldagi - qurol-aslaha sotishni va bir qator rasmiylarni ittifoqqa kirishini man etuvchi sanksiyalar kuchaytirilishi kerak. Yevropa Ittifoqi bu mamlakatga qarata aniq strategiya bilan chiqishi lozim, deydi Martin Kallanan.

“Sanksiyalarga zo’r berish kerak. Balki Yevropa Ittifoqiga kira olmaydigan rasmiylar qatoriga prezident Islom Karimovning o’zini ham qo’shish lozim”.

Biroq Yevropa parlamentining Inson huquqlari bo’yicha quyi qo’mitasi xulosasiga ko’ra, O’zbekistonda demokratik siljish, islohotlar jadallashgani, inson huquqlari bobida ijobiy o’zgarishlar kuzatilmagan. Shunday ekan, amaldagi sanksiyalar samara berdi deyishga qanday isbot bor?

“Sanksiyalar foyda berdi deya olmayman. Yuzma-yuz o’tirib, gaplashildi, fikr almashildi, lekin, gapingiz to’g’ri, bu bilan O’zbekistonda ahvol yaxshilangani yo’q. Shu bois ham sanksiyani kuchaytirishni tavsiya qilyapmiz”.

Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga nisbatan yana qanday ta’sir vositasiga ega?

“Afsuski, ta’sir vositasi bizda yo’q. O’zbekiston bilan ko’p iqtisodiy hamkorlik qilmaymiz. O’zbekiston juda kambag’al mamlakat, ishlab chiqarish qudrati ham katta emas, hatto turizm jihatdan ham taraqqiy etmagan”.

Lekin Yevropa Ittifoqi yonilg’i manbalari izlamoqda. O’zbekiston katta tabiiy gaz zahirasiga ega. Tahlilchilar nazarida Yevropa Ittifoqiga rahbarlik qilayotgan Germaniya aynan shu sabab ham O’zbekiston bilan aloqani mustahkamlamoqchi. Rasmiy Berlin O’zbekiston bilan “amaliy muloqot” qilayotganini qayd etmoqda.

Germaniya bunda faqat o’z manfaatlarini o’ylamoqda, deydi Martin Kallanan.

“Germaniya O’zbekistonda harbiy bazaga ega. Ikki o’rtada, keng bo’lmasa-da, savdo munosabatlari mavjud. Shu sabab, menimcha, sanksiyani bekor qilishni xohlaydi. Bu afsuslanarli hol”,- deydi qonunchi.

Rossiya va Xitoy O’zbekistonda kattaroq rol o’ynar ekan, inson huquqlariga deyarli e’tibor bermaydi, deydi Kallanan. Yevropa Ittifoqi demokratiya targ’ibotchisi sifatida ish tutishi va rasmiy Toshkentga nisbatan bosimni oshirishi kerak, deydi Yevroparlament a'zosi.

“Meni to’g’ri tushuning. O’zbekiston go’zal mamlakat, lekin siyosiy jihatdan majruh jamiyat. Andijonda bo’lganimda, oddiy odamlar bilan gaplashishga urindim, lekin hamma narsa xavfsizlik xizmati nazorati ostida. Hech kim dilidagini ayta olmaydi”,- deya qo'shadi Kallanan.

Uning aytishicha, Yevroparlament a’zolari O’zbekiston avtoritar jamiyat ekani, fuqaro erkinligi cheklanganini biladi. Shu bois ham bu mamlakatdagi ahvoldan tashvishda, deydi u.

“Lekin, rostini aytaman, O’zbekiston Yevropa oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri emas“,- deydi Martin Kallanan.

Kallanan Britaniyaning Konservativ Partiyasidan chiqqan va Yevroparlamentga 1999 yildan beri a’zo.

XS
SM
MD
LG