Breaking News

Rossiya Markaziy Osiyoda yana bir gaz bitimi imzoladi


Rossiya yaqinda Turkmanistonda yangi gaz quvuri qurish borasida bitim imzoladi. Quvur Rossiya hududidan o’tadi.

Rossiyalik siyosiy tahlilchi Andranik Migranyan nazarida loyiha prezident Vladimir Putin uchun katta yutuq.

“Deklaratsiya va bu loyihani amalga oshirish bilan Rossiya Markaziy Osiyodagi kuchini, aloqalarini mustahkamlamoqda. Shuningdek, boshqalarni mintaqada quvur qurish imkoniyatidan ayirmoqda. Rossiya, Baku-Tbilisi-Jayhun neft quvuri barpo etilishida hech narsa qila olmagan edi. Uni AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton olg’a surgan”,- deydi Migranyan.

Ariel Koen (Ariel Cohen), AQShdagi yirik siyosiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi, fikricha o’tgan oylarda turkman gazi tranziti borasida kuchli, biroq ko’zga ko’rinmas raqobat avj olgan edi.

"Bu kuchli signal. Qo’shma Shtatlar gazni G’arbga uzatishning muqobil yo’llarini qidirmoqda. Yevropa Ittifoqi yonilg’i xavfsizligi va ishonchli ta’minot haqida qancha gapirmasin, hech narsa qilgani yo’q",- deydi Koen.

Mutaxassislar bir narsada hamfikr. Rossiya, Yevropaning ham uning, ham turkman gaziga tobe bo’lishini istaydi va bu talabni yanada oshirish payida. Butun tranzit Rossiya nazoratida bo’lishi kerak. Maqsad - yonilg’i eksporti Gazprom qo’lida bo’lsin.

“Fikrimcha, bu jarayonda Amerika Rossiyaga boy berdi. Rossiya bu jiddiy kurashda yutqazdi desak bo’ladi”,- deydi Migranyan.

“Men odatda Andranik fikrlariga uncha qo’shilmayman. Lekin bu tahlilda, o’rtoq Migranyan haqiqatni aytyapti",- deydi Ariel Koen.

"Gap shundaki, Rossiya qattiq urinmagan taqdirda ham Turkmaniston o’z yonilg’i boyligini chetga chiqarishni Gazpromsiz eplay olmaydi. Marhum Turkmanboshi o’limidan sal avval gaz eksporti yo’llarini ko’paytirish haqida gapirgandi”.

Rossiya, Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo yonilg’isi uchun muqobil quvurlar barpo etishga urinayotganini yaxshi biladi. Qozog’iston va Turkmaniston gazini janubdan va g’arbdan jahon bozoriga olib chiqish umidi bor.

“Agar Turkmanistonda gazning yangi zahiralari topilib, o’zlashtirilsa, rasmiy Ashgabat uni Kaspiy dengizi orqali uzatamiz deya siyosiy bir qarorga kela olsa, kelajakda balki G’arb tomon yangi quvur vujudga kelishi mumkin. Lekin bugungi kunda buni aniq aytish qiyin”, - deydi Koen.

AQSh, Rossiya Markaziy Osiyo uchun muhim davlat ekanini – bu qo’shnichilik deya tan oladi. Ammo yangi quvur barpo etilishida Rossiya bilan hamkorlik haqida biror ma’lumot yo’q. Gazprom prezidenti Aleksey Millerning aytishicha, kompaniya Rossiya tuzayotgan rejalarda chet el davlatlarining hissasini va takliflarini olqishlaydi.

Prezident Putin esa Ashgabatda imzolangan yangi bitimda Rossiya, Turkmaniston va Qozog’istondan tashqari hech kimga o’rin yo’q, demoqda. Qolaversa, deydi u, Markaziy Osiyoda yangi quvurlar qurish, borini mustahkamlash bobida ham Rossiya G’arbni hamkorlikka chaqirayotgani yo’q.

O'zbekistonlik siyosatshunos Farxod Tolipov fikricha Rossiya bilan erishilgan bitimlarga hal etuvchi shartnoma sifatida qarash noto`g`ri. Chunki Turkmaniston boshqa yonalishlarda, jumladan Kaspiy dengizi va Ozarbayjon orqali Yevropaga quvurlar yotqizish loyihasiga hamda Xitoyga gaz sotish kelishuvlariga ega, deydi u.

“30 ming kubometr gaz haqida gap bormoqda. Turkman gazining hammasi Rossiya orqali o`tadi deyish xato bo`lardi, biroq Rossiyaning bu bitimlarida geosiyosiy o`lcham borligini nazarda tutish kerak”, - deydi Tolipov.

Tahlilchi Komron Aliyev nazarida Yevropa bozorlariga chiqish gaz va neft narxini bir necha barobarga oshiradi.

Biroq Yevropa Ittifoqi o'z energetika siyosatida demokratik tamoyillar va inson huquqlariga katta e'tibor qaratadi.

"Qaror qabul qilinishi lozim bo`lgan paytda ana shu ikki yo`nalishning [energetika va demokratiya] mutanosibligiga ahamiyat berishga majbur”, - deydi Aliyev.

Siyosatshunoslarga ko`ra Rossiyaning mintaqadagi geosiyosiy faoliyati inson huquqlari va demokratik qadriyatlarga ahamiyat bermaydi.

XS
SM
MD
LG