Breaking News

Rishtondagi mojaro: milliy adovatmi yohud oddiy mushtlashish?


Farg’onaning Rishton tumanida ro’y bergan janjal bir kishining o’limi bilan yakunlangan. Natijada Rishton markazida ommaviy tartibsizliklarni qo’zg’atib yuborgan.

Huquq himoyachilarining so’zlariga qaraganda, Rishton tumanidagi tartibsizliklar Sobir ismli yigitning mushtlashuv natijasida halok bo`lishi tufayli avj olgan.

Dastlab urushganlarning biri o`zbek, ikkinchi tomondagilar tojiklar ekani aytiladi.

Mushtlashuvda boshidan jarohatlangan Sobirjon kasalxonaga yotqizilgan. Oradan ikki kun o`tib, u shifoxonada vafot etgan.

“Shundan so`ng, Sobirjonning janozasiga yig`ilgan yaqinlari qasd olish maqsadida Rishton markaziga qarab yurishgan”, - deydi farg`onalik huquq himoyachisi Abdusalom Ergashev.

Marhumning qarindosh-urug`lari, yaqinlaridan iborat besh yuz kishi o`ldirganlardan qasd olish maqsadida Rishton markaziga borgan.

“Rishton markazida, asosan, tojiklar yashaydi. Darrov vahima ko`tarib, “Qochinglar! O`zbeklar tojiklarni o`ldirgani kelayapti deb targ`ibot qilisgan. Odamlar qochib, uyiga kirgan. Olomonni kayfiyatini bilasiz. Qochganni quvlaydi. Darvozalar berk bo’lsa, qo`llariga tosh olib, oynaklarni sindirishni boshlashadi. Endi etnik tojiklar axborot tarqatishayapti. O`zbeklar tojiklarni qirib tashlamoqchi bo`lishdi deb. Aslida jabrlanganlar o`zbeklar bo`lgan”, - deydi Abdusalom Ergashev.

Rishtonda bo`lib o`tgan hodisa yuzasidan O`zbekiston axborot vositalarida ma`lumot berilmagan. Shu bois bu voqea haqida turli mish-mishlar tarqalgan.

Farg`onaliklardan biri Rishtonda o’zbeklar va qirg`izlar o`rtasidagi janjal, otishmalar bo`lgani haqida eshitganini aytadi.

Jurnalist va huquq himoyachisi Nosir Zokir fikriga ko`ra, O`zbekistonda shu kabi favqulodda hodisalar haqida ochiq axborot berilmasligi, vahima va uzunquloq gaplarning tarqalishiga olib keladi.

“Ko`chaga chiqsangiz, choyxonada odamlar “Eshitdinglarmi? Rishtonda nima bo`libdi?” deb sekin boshlaydi. “O`zbeklar tojiklarni urubdi, tojiklar o`zbeklarni urubdi” deb sekin boshlanadi. Eng yomoni – mana shunaqa voqealarni o`z vaqtida tezda xalqqa yetkazmaslik xalqni orasida har xil shov-shuv, yolg`on-yashiqning ko`payishiga olib keladi. 1989 yil turklar bilan bo`lgan voqeada ham hech narsa oldindan aytilmasdan, oxiri o`sha natijalarga olib kelgan”, - deydi Nosir Zokir.

Abdusalom Ergashevning aytishicha, marhumning o`limida ayblanganlardan olti kishi va Rishton markazidagi to’polonda qatnashganlardan ko`pchilik hibsga olingan.

Rishtondagi voqealar bundan ikki hafta muqaddam ro`y bergan. O`zbekistonda bolib o`tgan voqea haqida rasman ma’lumot berilmagan.

Hozirda Rishtondagi vaziyat tinch. Nazorat uchun Ichki ishlar boshqarmasi vakillari jalb qilingan.

XS
SM
MD
LG