Breaking News

AQShda politsiyachi bo'lish nimani anglatadi?


O'zbekistondagi militsiyadan farqli o'laroq politsiya AQShda biror bir vazirlikka bo'ysunmaydi.

Ichki xavfsizlik vazirligi AQSh xavfsizligi, favqulodda vaziyat, hukumat vakillari xavfsizligini ta'minlash, trasnport xavfsizligi, bojxona va chegara muhofazasi hamda immigratsiya kabi masalalar bilan shug'ullanadi.

AQSh Adliya vazirligi va uning qoshidagi Federal Qidiruv Byurosi asosan mamlakat miqyosidagi jinoyatlarni tekshiradi, keng qamrovli tergovlar olib boradi. Shtat yoki shahar politsiyasi esa o'z hududi xavfsizligi va tartibiga javob beradi.

Rey Golden politsiyaga sakkiz yil oldin kelgan. Undan avval u Yaqin Sharqda harbiy xizmatda bo’lgan. Hozirda Aleksandriya politsiya mahkamasida ishlaydi. Reyning aytishicha, o’zi tug’ilib o’sgan shaharni muhofaza qilish ham farz, ham qarzdir.

“Politsyiachi bo’lish men uchun sharaf. Doim shu yerda ishlashni xohlar edim. Voyaga yetgan shahar oldida burchimni ado etish menga huzur bag’ishlaydi”,- deydi Golden.

30 yildan beri politsiyada xizmat qilayotgan mahkama boshlig’i Deyvid Beykerning aytishicha, 150 mingga yaqin aholi yashovchi shaharda 320 nafar politsiyachi ishlaydi. Ularning o’z ishiga bo’lgan sadoqati va professionalligi tufayli shaharda jinoyatchilik ancha kamaygan.

“Amerikada politsiyachi bo’lish burchdir. Bu yerga ishga pul uchun emas, xalqqa xizmat qilish uchun kelasiz. Jamiyatni o’zgartira olaman, jamiyat himoyachisiman degan ishonch sizni shu yerga yetaklaydi”,- deydi Beyker.

O’tgan yili AQSh bo’ylab 151 politsiyachi burchini ado etayotib halok bo’lgan. Sent-Luis, Detroyt va Flint AQShda eng xavfli shaharlar deb e’tirof etilgan. Deyvid Beykerning aytishicha, Aleksandriya ancha xavfsiz shahar.

Amerika Ovozi politsiyachi Rey Golden bilan o’tkazgan bir necha soat ichida bironta jiddiy hodisaga duch kelmadi. Goldenning aytishicha, Aleksandriya politsiyasidagi besh yillik xizmati davomida biror marta qurolidan foydalanmagan.

Texnologik taraqqiyot ham politsiya ishining samarali bo’lishini ta’minlaydi.

“So’nggi 10-15 yil ichida ilg’or texnologiyalar AQSh politsyasida tobora muhim rol o’ynamoqda",- deydi Deyvid Beyker.

"Mashinalarimiz kompyuterlar bilan, kompyuterlashgan barmoq izlari axborot bazasi bilan, sun’iy yo’ldosh orqali qidiruv tizimi bilan jihozlangan. So’nggi 15 yil ichida mamlakat bo’ylab barcha xizmatlarning ma’lumot bazalarini birlashtirishga muvaffaq bo’ldik. Masalan, siz Virjiniya shtatida yashasangizu, Kaliforniya shtati bo’ylab mashina haydab ketayotgan bo’lsangiz, u yerdagi politsiya siz haqingizda axborotga ega bo’ladi.”

Shahar politsiyasi boshlig’i shahar kengashi tomonidan tayinlanadi va faqat unga bo’ysunadi. Har bir shtat va shaharda politsiya o’z formasiga ega.

Politsiya safida ko’plab ayollarni ham uchratish mumkin. Aprel oyida poytaxt Vashington politsiya mahkamasi rahbari etib ilk bor ayol kishi tayinlandi. Ayol politsiyachilar nazarida ular bu ishda erkaklardan hech ham bo’sh kelmaydi.

Nensi Koflin, Chikago shahar politsiya xodimasi. “Menimcha, ayollar bu ishga o’zgacha xususiyat bag’ishlaydi. Ulardan biri – hamdardlik. Ba’zida ayrim ishlarni politsiyachi erkaklardan yaxshiroq uddalaymiz. Ba’zida esa erkaklardan ko’ra toqatliroqmiz”,- deydi Koflin xonim.

Diana Barett, Aleksandriya shahar politsyachisi. “Biz ham erkaklar bilan birday tayyorgarlikdan o’tamiz. Ko’rinishdan katta bo’lmasak-da ular kabi kuchlimiz. Ular bizdan kutmagan ishga qodirmiz”,- deydi Barett xonim.

AQSh politsiyasi jamoatchilikni o’z ishidan xabardor qilish uchun Internetdan keng foydalanadi. Jinoyatchilik bilan bog’liq kundalik va yillik statistik xabarlar va ma’lumotlar har bir shahar yoki shtat politsiyasi veb-sahifasiga joylanadi. Unda shuningdek politsiyaga ishga kirish uchun axborot ham bor.

Aleksandriyada politsiyachi bo’lishni istagan va ma’lum talablarga javob beruvchi odam avvaliga besh oy davomida maxsus akademiyada ta’lim oladi va hunar o’rganadi.

Talablardan asosiysi benuqson hulq-atvorga ega bo’lish. Politsiya boshlig’i Deyvid Beykerning aytishicha, politsiyada posbonlar uchun qulay sharoitlarning mavjudligi korrupsiyaning oldini oladi.

" Endigina ishga kelgan politsiyachi yiliga 40 ming dollar maosh oladi. Har yili maoshi oshadi. Lavozimiga qarab, xizmat muddatiga qarab. Politsiyaga 20-30 yil umrini bergan kishi yiliga 75-80 ming dollar atrofida haq ola boshlaydi. Bundan tashqari ularni tibbiy sug’urta, kiyim-kechak, yaxshi nafaqa bilan ta’minlaymiz",- deydi Aleksandriya shahar politsiya boshlig'i Deyvid Beyker.

XS
SM
MD
LG