Breaking News

O'zbekiston yoshlari yorqin kelajak izlab, xorijga ketmoqda


Amerika Ovozi bilan suhbatda bo’lgan tahlilchilar fikricha, O’zbekistonda yoshlar orasida ertangi kunga ishonch yo’qolgan. Yangi qonun-qarorlar, hukumat va’da qilayotgan buyuk kelajak ko’pchilik uchun quruq gap.

Kuzatuvchilarning aytishicha, O`zbekistondagi og`ir iqtisodiy davr aynan yoshlar hayotiga jiddiy ta’sir o`tkazmoqda. Aksariyat yoshlarda O`zbekistonda yashash, ishlab, o`z hayotini tiklash mumkinligiga ishonch yo`qolgan.

Uzoq xorijga ketishning uddasidan chiqmagan yoshlar umid istab, hech bo`lmaganda, qo`shni davlatlarga chiqib ketmoqda.

Talabalardan biri imkon topgan yoshlar hech narsani o`ylab o`tirmasdan chet elga o`qishga yoki ishlashga ketishga tayyor deydi.

“O`zbekistondan hafsalasi pir bo`lgan yoshlarning jamiyatda o`z o`rnini topishi juda qiyin kechmoqda”, - deydi u.

O`zbekistondagi iqtisodiy vaziyat tufayli yoshlarning hammasi ham uzoq xorijga chiqish imkoniyatiga ega emas. Yagona yo`l qo`shni davlatlarda, jumladan, Rossiyada mardikorlik qilish.

Bu bir necha yildan buyon kuzatilayotgan holat.

Yaqinda hukumat yoshlarni moddiy va ma’naviy qo`llab-quvvatlash haqida qaror qabul qildi. Qaror e’tiborni 30 yoshgacha bo`lgan va birinchi bor nikohdan o`tayotgan yoshlarga qaratadi.

Qaror yoshlarni muntazam ish bilan ta’minlash, uy-joyga ega bo’lishi, tadbirkorlik bilan shug`ullanishi uchun imtiyozli kredit tarqatishni maqsad qiladi.

Bularning amalga oshishi qiyin deydi o`zbekistonlik kuzatuvchilardan biri.

“Yangi ish o`rinlari tashkil etilganda ham u yerdagi maoshga tirikchilik qilish mumkin bo`lmagani uchun bu ish o’rinlariga yoshlar bormaydi”, - deydi u.

Mamlakatdan chiqib ketayotgan ba’zi yoshlar vaqt o`tib, o`z oilalarini tark etmoqda.

“Fuqarolik ishlarida shunday ishlar ko`rilmoqda. Eri Rossiyaga ketgan, keyinchalik o`sha yoqda uylangan. Ayollar shunday da’vo bilan murojaat qilishadi. Bundaylarni har bitta qishloqda uchratish mumkin”, - deydi u.

Hukumat g’amxo`rlik qilayotgani haqida tinimsiz gapirilmoqda deydi yoshlardan biri. Lekin nima sababdan yoshlar hayotini, kop`lab oilalarning buzilishiga aynan hukumat, o`zbekistondagi qashhsoqlik sabab ekanligi haqida hech narsa deyilmaydi?

Boshqa bir yosh ayol qarorlarga ishonmasligini aytadi. Xususan, “Ijtimoiy himoya yili”da ijtimoiy nochor oilaga beriladigan yordam olish qiyinlashgan deydi u.

“Shaxsan men hech qanday yordam ko`rmadim. Qaytaga avval ko`rsatilayotgan yordamlar ham qisqarib ketdi”, - deydi bu ayol.

Ayrim kuzatuvchilar hukumatning yoshlar haqida qayg`ura boshlaganini mamlakatda yaqinlashayotgan prezident saylovlari bilan bog`laydi. O`zbekiston aholisining yarmidan ko`pini yoshlar tashkil etadi.

“Muammo yechimining eng sodda yo`li – bu iqtisodiyotning ochiq, erkin ishlashini ta’minlash. Biznes-tadbirkorlik imkoniyati faqat ma`lum toifalar uchun emas, balki barcha uchun ochiq bo`lishi lozim. Yoshlarga hukumat manzirati kerak emas, balki olib qo`yilgan imkoniyatlari, huquqlari qaytarilishi kerak, shunda ishonch uyg`onadi, yoshlar hayoti jonlanadi ”, - deydi kuzatuvchilardan biri.

XS
SM
MD
LG