Breaking News

Rohat Aliyevni Interpol qidiradi


Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Ichki ishlar vazirligi tavsiyasiga ko’ra, o’z kuyovi Rohat Aliyevni Avstriya elchisi lavozimidan bo’shatgan va unga qarshi jinoiy ish qo'zg'atilgan. Bugun esa vazirlik Aliyevni Xalqaro Politsiya – Interpol orqali qidiruvga bergan.

Rohat Aliyev Nazarboyevning to’ng’ich qizi Darigaga uylangan. U Qozog’istondagi badavlat odamlardan va kuchli siyosatchilardan hisoblanadi. Biroq so’nggi paytlarda uning qaynotasi bilan munosabatlari taranglashgan. Ayniqsa Rohat Aliyev bir necha oy burun o’z nomzodini 2012 yildagi saylovlarda prezidentlikka qo’yish niyati borligini tilga olgach.

Bir necha kun burun Qozog’iston Konstitutsiyasiga Nazarboyev hokimiyatini kuchaytirishga qaratilgan o’zgartirishlar kiritilgan edi. Ularga ko’ra, mamlakat birinchi prezidenti endilikda cheksiz marotaba saylovlarda o’z nomzodini qo’yishi mumkin. Bungacha qonun Nazarboyevga faqatgina ikki muhlatga saylanish huquqini bergan edi.

Kuyovining prezidentlikka ishtiyoqi borligi haqidagi bayonotlarini, kuzatuvchilar fikricha, Nazarboyev o’ziga tahdid deb bilgan va Ichki ishlar vazirligining Rohat Aliyevga qarshi jinoiy ish ochish harakatlariga to’sqinlik qilmagan. Aliyevning rafiqasi Dariga Nazarboyeva bilan munosabatlari qay darajada ekani aniq emas, biroq Ichki ishlar vazirligi jinoiy ish ochganiga mana besh kun bo’libdiki, Nazarboyeva turmush o’rtog’iga o’tkazilayotgan bosimga nisbatan haligacha biron rasmiy munosabat bildirmagan va Rohat Aliyev Avstriyada elchi bo’lishiga qaramay u bilan Venada turmagan.

Ichki ishlar vazirligi jinoiy ishni mamlakatdagi yirik moliyaviy muassasa hisoblangan “Nurbank” sobiq raisi Abilmajen Gilimov arizasiga ko’ra ochgan. Unda aytilishicha, Gilimov yanvar oyida Rohat Aliyev ko’rsatmasiga ko’ra o’g’irlangan. Rohat Aliyevning o’zi “Nurbank”ning yirik aksiyadori.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Bogdat Kojaxmetovning aytishicha, Rohat Aliyev xalqaro qidiruvga berilgan va mamlakat Bosh prokuraturasining tergov guruhi Venaga yo’l olgan.

Bir necha kun burun Rohat Aliyevga aloqador kishilarga tegishli Qozog’istondagi yirik KTK telekanali va “Karavan” gazetasi yopilgan.

Yaqingacha Qozog’istonning Avstriya va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi elchisi bo’lgan Aliyev bir necha kun burun qaynotasi demokratik tamoyillardan chekingani haqida gapirgan.

XS
SM
MD
LG