Breaking News

Korrupsiya O'zbekiston tuzumi va turmushini yemirmoqda


Dunyo bo`ylab korrupsiyaga oid holatni o`rganuvchi xalqaro tashkilot “Transparency International” ning yillik hisobotiga ko`ra, korrupsiya O’zbekistonni inqiroz tomon yetaklamoqda.

O`zbekiston, deydi tashkilot, korrupsiya bobida Mustaqil Hamdo’stlik Davlatlari (MDH) orasida yetakchi o`rinni band etadi.

Mutaxassislar fikricha korrupsiya kadrlar tayyorlash jarayonidan - ta`lim sohasidanoq boshlanadi.

Oliy ta’lim sohasidagi korrupsiyaga e`tiroz bildirganlar ishdan chetlatiladi. O`zbekiston Milliy Unversitetining sobiq o`qituvchisi, matematika fanlari nomzodi Sobir To`laganovning aytishicha oliygohlar kun sayin korrupsiya botqog'iga cho'kmoqda.

“O'g'ri bo`lsang ham insofli bo`l degan naql bor. Men shunga amal qilinishiga chaqirdim. Oliy o`quv yurtlariga kirishning “Bunker” degan usuli bor. Bu usulga ko`ra, turli fanlardan mutaxassislar va o`qituvchilar bir xonaga yig’iladi. Kimdir test sinovlari varaqasini olib kiradi. O`qituvchilar uni to`ldiradi va u abiturientlarga tarqatiladi. Shu bilan yuqori ball to`plab, institutga kiriladi. Bu test markazi bilan kelishilgan holda tashkil etiladi. Fakultetda ko`rdim, o`zini ismini to`liq yozolmaydigan talabalar davlat byudjetiga ko`ra o`qishga kirgan. Shu bilan bir qatorda qobilyatli bo`lib, shartnoma asosida o`qishga kirganlar pul topolmasdan o`qishni tashlab ketmoqda”, - deydi To`laganov.

O`zbekiston ta’lim tizimi, jumladan oliy o`quv yurtlariga kirishga oid rasmiy ma’lumotlarda O`zbekistonda test sinovlarining joriy qilinishi bilan avvalgi tanish-bilishchilik, poraxo`rlik holatlariga keskin barham berilgani ta’kidlanadi.

Tahlilchilar xulosa qilmoqdaki, korrupsiya ostida yetishgan kadrlar keyinchalik bu kasallikni o’zlari bilan turli sohalarga, boshqaruv tizimlariga va sanoatlarga olib boradi.

“Bu muammo jamiyatimiz, respublika taraqqiyoti uchun asosiy bo`lgan narsa. Avvallari [milliy universitetda] Sirojiddinov rektorligi paytida yosh oqituvchilar qobilyatli bolalarni yig’ib kelish uchun qishloqlarga jo`natilardi”, - deydi Sobir To`laganov.

Sobir To`laganovning aytishicha, u tanish-bilishchilik bilan o`qishga kirgan talabalarni faqatgina shartnoma asosida qabul qilish kerak degan tashabbus bilan chiqqach, ishdan olingan.

Kuzatuvchilarga ko`ra mamlakatdagi korrupsiya va poraxo`rlikning bosh sababi qashshoqlikka bog’liq. Davlat tomonidan yetarli maosh to`lanmayotganligi bois sud, huquq-tartibot, ta’lim va tibbiyot sohasi xodimlari pora olishga berilgan. Natijada boshqa sohalar ham shu yo'ldan ketadi.

"O'zbekiston pora bermasdan yashashning iloji yo'q. Korrupsiya hayotni tebratmoqda", - deydi Amerika Ovozi bilan gaplashgan o'zbekistonliklar.

Bugun o`z huquqlari poymol etilgani haqida arz qilayotgan fuqarolarning ko’pi korrupsiyadan jabr ko’rgan.

Buxorolik Said Rajabovning aytishicha Shofirkon tuman xojalaik sudi bilan kelishilgan holda u yashaydigan hovli boshqa odamga olib berilgan.

Huquq- tartibot va sud organlari bilan til biriktirgan holda tekin daromad topishning turli yo`llari joriy etilgan, deydi Rajabov. U hozir O`zbekiston prezidenti devoni va boshqa rasmiy idoralarga shikoyat qilishga urinmoqda.

Mutaxassislar nazarida O`zbekistonda korrupsiya rivoji uchun barcha imkoniyatlar bor.

“Hozirgacha hokimyatda yuqori amal kursilarini band etgan va keyinchalik ishdan olingan amaldorlar taqdiriga qarasangiz, deyarli ularning aksariyati ishdan ketishi bilanoq vazifasini suiste’mol qilganlikda, moliyaviy jinoyatlarda ayblanayapti. Biroq korrupsiyaga qarshi kurash boshlanmaydi, nega? Chunki bunday kurashdan hukumatning o`zi manfaatdor emas”, - deydi kuzatuvchilardan biri.

XS
SM
MD
LG