Breaking News

Xaridor va sotuvchi bozordagi narx-navodan norozi


O`zbekiston bozorlaridagi xaridorlar ham, sotuvchilar ham narx-navodan norozi. Dehqonga erk berilsa, muammo o’z-o’zidan hal bo’lishi mumkin.

Asosan, qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan O`zbekistonda narxning ko`tarilishini bozordagilar turlicha tushuntiradi.

Bugun bozordagi narx-navoga qaralsa, deydi xaridorlardan biri, bitta odamning yeyish-ichishi uchun kuniga o`n ming so’m xarajat qilinishi kerak.

“Bir kilo, yarim kilo olib, amallab 10 ming so`mni bir kunga kishiga yetkazish mumkin. Bu bir kishiga. Odamlarning yetti-sakkizta farzandi bor. Qo`y go`shti olaman desang, 6-6,5 ming so`m, mol go`shti 5-6 ming so`m, bir kilo guruch olman desang, ming so`mdan kamiga bermaydi, bu qanday gap? Bir paytlar arzon edi, ozodlikka chiqqanimizda 300-400 so`mga olar edik. Hozir uch-to`rt barobar qimmat. Bunga kim qaraydi?” - deydi u.

Bozorda savdo qilayotgan dehqonlar, sotuvchilarga ko`ra, qishloq xo`jaligi mahsulotini yetishtirish kundan-kunga qimmatlashib bormoqda.

“Ekin uchun suvli yerning o`zi gektari 500-700 ming so`m atrofida sotiladi. Bundan tashqari, o`git, texnika vositalariga ajratilgan xarajat, yetishtirish, uni bozorga chiqarish uchun ketadigan xarajatlar mahsulotga bo`lgan narxni ko`tarishga majbur etmoqda, biroq bu bilan dehqonning kosasi oqarayotgani yo’q”, - deydi ulardan biri.

Bu yil narx-navoning keskin ko`tarilishiga ob-havoning salqin kelishi, ekin ekishning kechikkani, Qozog`iston bozorlari uchun yo`l ochilshi ham ta’sir qilgan.

Agarda dehqonga erk berilsa, nima ekishni o`zi hal qilsa, muammolar o`z-o`zidan barham topadi deydi xaridorlardan biri.

“Masalan, biror mahsulot birdaniga falon narxga ko`tarilib ketmaydi, barcha ekin maydonlariga paxta va don ekish bilan O`zbekiston aholisining farovonligi ko`tarilayotgani yo’q, paxta hukumatdan boshqa hech kimga kerak emas. Dehqonga erk berilsa, u tashqariga mahsulot sotib, o`zini ham, aholini ham to`q qiladi”, - deydi u.

Boshqa bir sotuvchi qishloq xo`jaligi mahsulotlarining Qozog`istonga o`tishi narx-navoga ta’sir qilgan bo`lishi mumkin deb hisoblaydi. Bu dehqonlar uchun imkoniyat. Avvallari dehqonlarning yil davomida ter to`kib, yetishtirgan mahsuloti oxir-oqibat bir chaqaga arzimas molga aylanib qolish holatlari ko`p uchragan.

Bozordagi vaziyatdan xabardor kuzatuvchilardan biri Jahongir Shosalimovning aytishicha, bozor noz-ne’matlari oddiy aholi hayotidan tobora uzoqlashib bormoqda.

“Eng pishiqchilik paytida ham bir kilo kartoshka bozorda 500 so`mga sotilayapti, gilos, qulupnay bu yil oddiy xalqning tishi o’tmaydigan mahsulotga aylanib qoldi, gilos hozir kilosi 3 ming so`mdan sotilayapti, bozor kambag`al xalqdan borgan sari uzoqlashayapti”.

Shosalimov buning sabablarini hukumatning qishloq xojaligidagi noto`g`ri siyosatida ko`radi.

“Hukumat paxta bilan donning bahosini monopol qildi, qaysidir ma’noda boshqa mahsulotlar narxi bozorga tashlandi. Lekin bu yerdagi qattiqqo`llik narxning ko`tarilib ketishiga sabab bo`ldi. Hukumat tegirmoniga paxta va dondan kelgan daromad suv quyib turibdi, shu sababli boshqa ekin yetishtirayotgan dehqonlar ahvoli, ular muammosi hukumatni qiziqtirmaydi”.

Uning so’zlariga qaraganda, o`zbek dehqoniga erk va huquq berilgan taqdirda bozor sotuvchi uchun ham, xaridor uchun ham haqiqiy ma`noda muvofiqlashadi.

XS
SM
MD
LG