Breaking News

Vaziristonda o'zbeklar mahalliy aholi bilan kelisha olmayapti


Pokistonning Afg’oniston bilan chegaradosh Vaziriston mintaqasida ahvol tang. Hududda Tolibon ta’siri kuchaymoqda. Qabilalar yashovchi bu joyda hukumat so’zi deyarli o’tmay qolgan. Mahalliy aholi va o’zbek jangarilari o’rtasida tez-tez to’qnashuvlar kuzatilmoqda.

Vaziristonda bir necha bor bo’lgan, Davlat departamentida Afg’oniston va Pokiston masalalari bilan shug’ullangan Kris Meysonning aytishicha, Vaziriston deyarli butunlay Tolibon qo’liga o’tgan va jangarilar Pokiston shimolida yashovchi pashtunlarni tolibonlashtirmoqda. Pokiston adliyasi o’rnida shariat sudi hukm surmoqda. Maktablar, musiqa do’konlariga o’t qo’yish, qizlarni uydan chiqarmaslik, soqol qo’ymagan erkaklarni jazolash odatiy hol bo’lib qolgan.

Mutaxassis Pokiston hukumatining Vaziristondagi qabilaviy yetakchilar bilan shartnomasini tanqid ostiga oladi. Uning aytishicha, hukumat shartnoma orqali mintaqa xavfsizligini qabilaviy yetakchilar qo’liga topshirish va u yerdan hukumat qo’shinlarini chiqarish evaziga hududni xorijiy jangarilardan xoli etishga erishilgan, deb ta’kidlaydi, biroq aslida hukumat hududni Tolibonga topshirgan. Kris Meyson Tolibon nazorati ostiga o’tgan hududni Jihodiston, deb ataydi.

"Pokiston razvedkasi Vaziristonda Tolibonga maxfiy ravishda yordam ko’rsatmoqda, chunki uni “hukmronlik uchun o’z navbatini kutayotgan Afg’oniston hukumati”, deb biladi," deydi Kris Meyson.

Tolibon Vaziristonda kuchayayotgan bir paytda, deydi Kris Meyson, harakat ichida hokimiyat uchun kurash ketmoqda. Mulla Nazir boshchiligi ostidagi guruh Afg’onistonda koalitsiya kuchlariga jihod qilish va u yerda hokimiyat tepasiga kelgach, mafkurasini boshqa davlatlarga ham ko’chirishni ustun deb biladi. Mulla Umar ismli qabilaviy yetakchilardan biri esa AQSh bilan hamkorlik qilayotgan Pokiston hukumatini asosiy dushman deb ataydi. Mullar Umar qo’li ostidagi guruh tarkibida bir necha yuz nafar o’zbeklar ham bor. Aprel oyida Janubiy Vaziristonda ikki mulla tarafdorlari bir-biriga qarshi kurash olib borgan va mulla Nazirning qo’li ustun kelib ko’plab o’zbek jangarilar o’ldirilgan yoki hududdan chiqarib yuborilgan.

Kris Meysonning aytishicha, 2001 yili Tolibon Afg’onistonda hokimiyatdan ag’darilgach, u bilan koalitsiya kuchlariga qarshi kurashgan O’zbekiston Islomiy Harakati jangarilari Vaziristonga kelib qolgan. Keyinchalik bu joylardan yer olib, o’zlarini a’lo dehqon qilib ko’rsatgan. Bu hol qabila bo’lib yashaydigan mahalliy aholining hasadini keltirgan va bu ham o’rtadagi tortishuvlarga sabab bo’lgan bo’lishi mumkin, deydi mutaxassis.

O’zbeklar Vaziristonda ikki guruhga bo’lingan, deydi Kris Meyson. Ulardan biri 2004 yili O’zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqqan Islomiy Jihod Guruhi, ikkinchisi esa Tohir Yo’ldoshev boshchiligidagi O’zbekiston Islomiy Harakati.

Mutaxassis fikricha, ayrim manbalarga ko’ra, Tohir Yo’ldoshev qo’li ostida 500 ga yaqin o’zbek jangarilar bor va ular al-Qoida va Osama bin Ladenning ishonchli kuchlaridan sanaladi. Ayrimlari hattoki uning tan soqchilari guruhiga kiradi.

Yana bir mutaxassis, Jon Deylining aytishicha, o’zbeklar Vaziristonga ikki yo’l bilan kelgan.

"Birinchi guruh o’tgan asrning 80-yillarida Sovet-Afg’on urushi paytida kelib qolgan, qolganlari esa 2001 yil oktyabridan so’ng O’zbekiston Islomiy Harakati tarkibida kelgan," deydi u.

Boshqa ekspertlar fikricha, Vaziristonda nafaqat bu ikki guruh o’zbeklari va islomiy harakatning AQSh hujumlaridan omon qolgan jangarilari bor. Hududga Markaziy Osiyodan va O’zbekistondan o’zbeklar kelishda davom etmoqda. Ayrimlari Tojikiston orqali kelayotgan bo’lsa, boshqalar Ozarbayjon, Eron orqali Vaziristonga o’tmoqda.

Markaziy Osiyo bo’ylab bo’lg’usi jangarilarni yollayotgan al-Qoidaning maxsus odamlari ish olib bormoqda, deydi Brukingz tahliliy instituti xodimi Endryu Apostolu.

Mutaxassislar fikricha, Afg’oniston shimolida yashovchi afg’on o’zbeklari va Vaziristondagi o’zbek jangarilari o’rtasida aloqaning mavjudligi aniq emas.

XS
SM
MD
LG