Breaking News

Rossiya MDH davlatlarining norasmiy sammitiga mezbonlik qilmoqda


MDH rahbarlarining norasmiy uchrashuvida sobiq ittifoq davlatlari hamkorligini yagona tashkilot vositasida jonlantirish masalasi muhokama qilinmoqda.

Norasmiy sammitdan sal o`tib esa iyul oyida MDHning rasmiy sammiti rejalangan.

Sammitda MDH miqyosida energetika, migratsiya, bojxona ittifoqi kabi masalalar muhokamasi, davlat rahabarlarining ikki tomonlama muzokaralari o'rin olgan.

Umumiy energetika bozori bo`yicha birmuncha avval MDH davlatlarining ayrim a`zolari tomonidan bitim imzolangan, biroq unga MDHga a`zo boshqa davlatlar qo`shilmagan.

Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati doirasida Belarus, Rossiya va Qozog`iston o`rtasida bojxona ittifoqi tuzilishi kutilgan edi. Hozirgi malumotlarga ko`ra, bu ittifoq ham yaqin yillarda amalga oshadigan emas.

Bojxona ittifoqi bu davlatlarning Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo`ilishidan so`ng amalga oshishi mumkin.

Siyosatshunos Muqumjon Qirg`izboyev MDHdagi ziddiyatlardan qat’iy nazar tashkilotning sobiq ittfoq hududida yashayotgan xalqlar uchun o`rni muhim deydi.

Uning aytishicha, bu tarixiy zarurat. Avvalgi xatolar, jumladan, biror davlatning boshqalardan ustun turishi takrorlanmasa, MDH doirasidagi ittifoq rivojlanadi.

“Bundan tashqari, MDHga a`zo davlatlar Rossiya bilan birgalikda boshqa yirik davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirib kelishayapti. O`zbekistonda ham shunga harakat qilinayapti. Bugun biron davlat jug`rofiy jihatdan mahfuzlik holatida qolib ketishni istamaydi”, - deydi Qir`gizboyev.

Mustaqil siyosatshunoslardan biri MDH allaqachon o`z missiyasini tugatib bo`lgan degan fikrda.

“Hozirga kelib MDH o`zagida faqat Kollektiv xavfsizlik shartnomasi faoliyat yuritadi. Unga ham barcha davlatlar a`zo emas. MDH faqat Rossiyaning intrigalari uchungina xizmat qilib qolishi mumkin. Bundan tashqari, hozirda MDHning o`zida Moskvadan chekinish boshlangan”, - deydi u.

Ta’kidlanishicha, sobiq ittifoq hududida Rossiya ta’siridan xoli bo`lgan mintaqaviy tuzilmalar shakllanishiga ehtiyoj kuchaymoqda.

Gruziya, Ukraina, Ozarbayjon va Moldova ishtirokidagi tuzilma aynan shunday ehtiyojlar bois yuzaga kelgani ta’kidlanadi.

Yaqinda Qozog`iston Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqini tuzish g`oyasini kun tartibiga qo`ydi.

Qozog`iston prezidenti MDH rivojlanishiga umid bildirar ekan, Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqi haqidagi g`oya avvaldan mavjud, biroq amalga oshishi zarur bo`lgan loyiha ekanini ta`kidlab o`tdi.

Hozircha bu loyihaga Qirg’iziston rasman moyillik bildirgan. Tojikiston jamoatchiligida ijobiy baholangan, Turkmanistonda muhokama qilinmoqda.

O`zbekistonda hukumat doirasidagi ayrim siyosatshunslar g`oya ijrosiga shubha qilmoqda. Ui ko`proq xomxayol deb baholamoqda.

Mustaqil siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha, Markaziy Osiyo Ittifoqini tuzish mintaqa davlatlari uchun tabiiy ehtiyoj. Faqat buni tan olish rasmiy Toshkentdan siyosiy iroda talab qiladi.

“Bu g`oya o`z-o`zidan buyuk. 1990 yillar boshida MDH davlatlari rahbarlari mintaqa ittifoqini tuzish g`oyasini ko`targan edi. O’sha paytda xomxayol bo`lmagan ekan. Lekin nega keyin birdan to`xtab qoldi bu jarayon? Biz shunga tayyor ekanligimizni aytsak, nimani yutqazamiz? O`zbekiston hamisha integratsiyaga tayyor ekanini bildirib kelishi kerak”, - deydi Tolipov.

XS
SM
MD
LG