Odamlar dehqonning qiladigan ishi faqat jismoniy mehnat deb o’ylasa, adashadi. Mintaqadagi mavjud og’ir iqtisodiy sharoitda hosil yetishtirib, daromad olish anchayin zakovat va uddaburonlik talab qiladi. Bu yo’lda dehqon kashfiyotlarga ham qodir.
Markaziy Osiyo hududida aholi eng zich joylashgan Farg’ona vodiysida qishloq xo’jaligi asrlar davomida asosiy tirikchilik manbai hisoblangan.
Toshloq yoxud zah bosgan yerlar unumdorligini oshirish, ekin maydonlarini kengaytirish istagi vodiy dehqonlarini bor imkoniyatdan foydalanishga undaydi. Imkoniyati borlar zamonaviy texnika vositalarini, imkoniyati yo’qlar esa, ibtidoiy usullarni ishga soladi.
O’zbekistonning Namangan viloyatiga qarashli Chust tumanida yashovchi muhandis Nabijon Jo’nayev 35 yil avval yerni toshdan tozalovchi mashina yaratishga urina boshlagan.
“Men institutni 1973 yili bitirgan bo’lsam, qishloq xo’jaligida – paxtada, boshqa joylarda toshloq yerlarni ko’rib, yagana, chopiqda xalqimiz qiynalayotganini ko’rib, tosh teradigan agregat yo’qmikan deb qiziqib qoldim. Shundan keyin ilmiy-tekshirish institutlari, patent bo’limi, shular orqali bir qancha hujjatlar bilan tanishib chiqib, chizmalarni o’rganib, mashina yaratdik,” - deydi ixtirochi muhandis.
“Yerlarimizni har yili qishloq xo’jalik texnikalari bilan shudgor qilamiz. Kesak, tosh, ajriq, qamish, har xil predmetlar: plenka, beton parchalari, temir – shularning hammasini ishchi organlari yerning haydov qismidagi tuproqni olib, chiqib kelgan kesaklarni maydalab, tuproqni qayta sepib ketish yo’li bilan ajratib oladi. Tosh, har xil ortiqcha predmetlarni yonida ketayotgan texnikaga yuklab tashlash vazifasini o’z oldimizga maqsad qilib qo’ydik,” - deydi Nabijon Jo’nayev mashinasini tavsiflar ekan.
Uning aytishicha, sobiq sho’ro Ittifoqi davrida deyarli barcha ilmiy-tekshirish institutlariga murojaat qilgan. Chustlik ixtirochining mashinasi loyihasi Moskvada, Leningradda, Belarus va Armanistonda muhokama qilingan. Mashina uchun patent olingan va sho’rolar Ittifoqining 1985-1990 yillar ishlab chiqarish dasturiga kiritilgan.
Ammo ittifoq qulashi ortidan boshlangan iqtisodiy bo’hron sababli, tosh teruvchi mashina loyihasi chetga surilgan. Mustaqillik yillarida Nabijon Jo’nayev O’zbekistonda o’z ixtirosini takomillashtirish uchun “Farhod” xususiy shirkatini ochgan. O’zbekiston qishloq xo’jaligi vazirligi, sug’orish bo’yicha davlat maxsus konstruktorlik byurosi xodimlari chustlik ixtirochining mashinasi loyihasini ijobiy baholaganlar.
Nabijon Jo’nayev ixtirosi qishloq xo’jaligida joriy qilinishi uchun Chustdagi ta’mirlash-ishlab chiqarish korxonasida ancha mablag’ sarflab, mashinasining yagona nusxasini yaratadi. Mutaxassislardan mashinaning ba’zi qismlarini takomillashtirish to’g’risida tavsiya olgan Nabijon Jo’nayev Toshkentdagi sug’orish bo’yicha davlat maxsus konstruktorlik byurosi bilan shartnoma imzolaydi.
Shartnomaga ko’ra, ixtirochining mashinasi konstruktorlik byurosida 1996 yilning sentyabr oyidan 1998 yilning avgust oyigacha takomillashtirilishi kerak edi. Buning uchun Nabijon Jo’nayev mutaxassislarga, shartnomaga ko’ra, bo’nak (avans) puli to’laydi.
Biroq chustlik ixtirochining aytishicha, konstruktorlik byurosida u yaratgan mashinaning yagona tajriba nusxasi yo’qolgan. Avvaliga ixtirochiga yon bosgan sud keyin konstruktorlik byurosi tarafiga o’tib olgan.
“Nima qilgan, mashinani yo’qotishdi. Hozir hech joydan qidirib topa olmayapman. O’rtada mablag’ o’ynadi shekilli, ular “Siz vaqtida olib ketmagansiz” deyishdi. Men nimaga olib ketaman? Men mablag’ berdim, ular shartnomadagi shartni bajarishlari, men keyin tayyor mahsulotni olishim kerak edi. Biz qilmaymiz deganda boshqa ilmiy-tekshirish institutiga berardim. Yangiyo’ldagi ilmiy-tekshirish institutidagilar biz qilamiz deganda borsak, mashina yo’q. Men hozir harakat qilyapman, hozir konstitutsion sudga chiqdik. Buyog’i Xudodan endi umidimiz,” - deydi uzoq yillar ixtirosi ortidan sarson bo’lgan chustlik muhandis Nabijon Jo’nayev.
Ammo sarson bo’lganiga qaramay, Jo’nayev maqsadidan ortga chekinmoqchi emas. U hukumat bo’lmasa, boshqa bir homiy topib, o’zi yaratgan mashinaning takomillashgan nusxasini yaratmoqchi. Ixtirochining aytishicha, hozirgi paytda tarkibiy qismlari asosan temirdan iborat mashinani yaratish uchun taxminan 15 ming dollar kerak bo’ladi.
“12 davlat olimlari, konstruktorlari shu masala bilan shug’ullanyapti. Biz mashinani qilib bo’lgach, odamlar o’zlari rahmat aytsin, biz ulardan talab qilmaymiz. O’lib ketsak ham, “kim qilgan bo’lsa, otasiga rahmat” deydigan mashina chiqaraylik. Niyat shu,” - deydi ixtirochi.
Nabijon Jo’nayev, agar mashinasi bitsa, dehqonlarning og’iri yengil bo’lishiga ishonadi.
“Yerning strukturasi, texnologiyasi o’zgarsa, go’shtdan suyakni ajratgandek tuproqning ichidan toshni olib tashlasak, o’sha yerda hosildorlik oshadi va suv xarajati kamayadi. Inqilobiy o’zgarish bo’lmasa-da, [dehqonlarga] ancha katta yordam bo’ladi,” - deydi u.