Breaking News

O'zbekistonda prezident saylovi haqida hozircha gap yo'q


O`zbekistonda bu yil o’tishi kutilayotgan prezident saylovlari va saylovoldi kampaniyasi bilan bo`gliq vaziyat noaniqligicha qolmoqda.

Ayrim mutaxassislar fikricha amaldagi prezident Islom Karimov vakolati tugashidan uch oy avval saylov kampaniyasi haqida rasmiy bayonot taqdim etilishi kerak edi.

Kuzatuvchilar ta’kidlashicha O`zbekiston prezidenti haqidagi qonunga ko`ra Karimovning vakolati shu yilning 23 sentyabrida nihoyasiga yetadi. 23 dekabrda esa O`zbekiston prezidentligi uchun navbatdagi saylovlar o`tishi kerak.

O'zini prezidentlikka nomzod deb e'lon qilgan huquq himoyachilari - Jahongir Shosalimov va Abdulla Tojiboy o`g’li saylov kampaniyasi bilan bo`gliq vaziyatni oydinlashtirish uchun Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qilgan.

Jahongir Shosalimovning aytishicha Markaziy saylov komissiyasi vakillari hozirda bunday uchrashuvga imkon yoqligini bildirgan.

Shosalimovning qayd etishicha prezident saylovi haqidagi qonunning sakkizinchi bandida saylovlar prezident vakolati tugashidan uch oy oldin e`lon qilinadi degan joyi bor, lekin ungacha Markaziy saylov komissiyasi nomzodlar ro`yxatiga ega bo`lishi kerak.

“Markaziy saylov komissiyasi esa lom lim demayapti, bu esa saylovlarning to`g`ri va adolatli o`tishini shubha ostiga qo`yadi. O`zbekistonda siyosiy hayot yashirinligicha qolmoqda”, - deydi u.

Shosalimovning aytishicha hozirda Markaziy saylov komissiyasida saylov kampaniayasiga doir dasturning o’zi tayyor emas.

"Ezgulik" inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov deydiki, uning tashkiloti O`zbekiston konstitutsiyaviy sudiga prezident vakolatlarini tugashidan uch oy avval saylov kampaniyasi boshlanishi lozimligi bo`yicha murojaat qilgan.

Konstitutsiyaviy suddan olingan javobda saylovlar dekabr oyida belgilangani, saylov kampaniyasi esa shu muddatga uch oy qolganida, ya’ni 23 sentyabrda e`lon qilinishi ta`kidlangan.

Jahongir Shosalimovning aytishicha saylov kampaniyasi haqida axborotning qorong`u qolayotgani bu borada targ'ibot boshlashga to'sqinlik qilmoqda.

Abdurahmon Tashanov nazarida O`zbekiston prezidenti allaqachon saylovoldi kampaniyasini boshlagan.

“O`zbekiston prezidenti viloyatlardagi vaziyat bilan tanishish bahonasida saylovoldi uchrashuvlarini boshlab yuborgan. Muxolifat esa hali o`z saylovoldi kampaniyasini boshlay ham olgani yoq. Bir so’z bilan aytganda, muxolifatning saylovlarda ishtirokiga imkoniyat yoq”, - deydi Tashanov.

O`zbekiston qonunchiligiga ko`ra, prezidentlikka bir kishining ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas. Prezidentlik muddati O`zbekistonda avval besh yil edi. 2002 boshida o’tgan referendumda yetti yilga o`zgartirilgan. Islom Karimov o’zining ikkinchi muddati nihoyasida.

XS
SM
MD
LG