Breaking News

Jorj Bush Vladimir Putinni qabul qilmoqda


Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh rahbari Jorj Bush bilan norasmiy muloqot uchun Qo’shma Shtatlarga kelgan. Tomonlar ikki mamlakat o’rtasida yig’ilib qolgan muammolarni Oq uyda emas, Vashingtondan ancha naridagi dala-hovlida muhokama qilmoqda.

AQSh prezidenti martabali mehmonni shimoldagi Men shtatida joylashgan Kennebunkport shahridagi ota-onasiga qarashli dala-hovlida kutib olgan. Uyning bir tomoni dengizga qaraydi. Bushlar uyga bir asr davomida egalik qiladi. Amaldagi prezidentning otasi to’ng’ich Bush, prezidentligi davrida bu yerda ko’plab davlat rahbarlarini qabul qilgan. Uning prezident-o’g’li Putinni bu yerda ilk marotaba qarshilamoqda.

AQSh va Rossiya o’rtasida ko’plab muammolar yig’ilib qolgan. Ularni hal qilish uchun rasmiy uchrashuvlar yetmagan ko’rinadi. Oq uy so’zlovchisi Toni Snouning aytishicha, uchrashuvning bu yerda o’tayotgani ikki tomonlama munosabatlarning muhimligini ta’kidlaydi. "Bu yerdagi muhit esa muhim masalalarni muhokama qilishga yaxshi imkon yaratadi," deydi u.

Shunga qaramay, deydi Oq uy vakili, uchrashuvdan olamshumul natija kutish kerak emas.

So’nggi marta Bush va Putin iyun oyi boshida Germaniyada o’tgan Katta Sakkizlik sammitida uchrashgan edi.

Ikki davlat o’rtasidagi muammolar talaygina. AQShning Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasi, Eron yadro masalasi, Kosovo kelajagi shular jumlasidan. AQSh va Rossiya ushbu masalalar bo’yicha qarama-qarshi fikrga ega. Ayni daqiqalarda boshlanayotgan uchrashuv davomida Iroq masalasi ham, shubhasiz, chetda qolmaydi.

AQSh prezidenti Vladimir Putinni Kennebunkportda iliq kutib olgan bo’lsa, shaharga to’plangan yuzlab namoyishchilar Bushning o’zini yaxshi qarshilamadi. Ular AQShning Iroqdagi siyosatiga qarshi namoyish uyushtirgan. Namoyishlarda Rossiyaning Chechenistondagi siyosati ham qoralangan.

XS
SM
MD
LG