AQShda joylashgan Tinchlik jamg’armasi va “Tashqi siyosat” deb nomlanuvchi jurnal qatorasiga uchinchi yil “Beqaror davlatlar reytingi”ni chop etdi. Undan O’zbekiston ham o’rin olgan.
“Beqaror davlatlar reytingi” 2005 yili ilk chiqqanida 75 davlatni o’z ichiga olgan edi. 2006 yili 146 davlat, bu yili esa 177 mamlakat unga kiritilgan. O’zbekiston har uchchalasida ham inobatga olingan. Ushbu reytingdagi davlatlarning barchasi ham beqaror emas, biroq jadvalda ularning beqaror bo’lish ehtimoli tasvirlangan. Bu yili O’zbekiston 177 davlat ichida 22-o’rinni egalladi. Javdalda yuqori o’ringa ega davlatlarda beqarorlik ehtimoli kuchli. O’zbekiston 2005 yili 24-, 2006 yili esa 23-o’rinda bo’lgan.
“Beqaror davlatlar reytingi” qanday tuziladi?
Loyiha ustida ish olib borgan tadqiqotchi, “Tinchlik jamg’armasi” markazi xodimi Joel Burbankning aytishicha, maxsus kompyuter dasturi har bir davlatda yil davomida sodir bo’lgan kundalik xabarlarni inobatga olib, ularni 12 ta omilga bo’lgan va har bir omil bo’yicha mamlakatga baho bergan.
Omillar ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va inson huquqlari guruhlariga bo’linadi. O’zbekistonga to’rt omil bo’yicha eng past baho berilgan. Ulardan biri mamlakat elitasining turli klanlarga bo’lingani. Ikkinchisi – davlat tizimining jinoiylashishi va rahbariyatning xalq nazaridan qolishi, korrupsiyaning kuchli ildiz otishi. Davlat idoralarining mustaqil ravishda siyosat olib borishi va xususan O’zbekiston misolida Milliy xavfsizlik xizmatining ishi, reyting mualliflari nazarida O’zbekistonning ehtimoliy beqaror davlatlar qatoriga qo’shilishiga sabab bo’lgan. O’zbekiston reytingining bu yili ham past bo’lishiga sabab yana bir omil qonunlarning bir tomonlama amalga oshirilishi, qonun ustuvorligining zaifligi va inson huquqlarining buzilishidir. Iqtisodiy tanglik, resurslarning tengsiz bo’linishi, ijtimoiy ahvolning yomonlashishi, aholining zichligi va iqtisodiy resurslarning unga nomutanosibligi, ko’plab mahalliy professionallar va ziyoliylarning mamlakatni tark etishi ham O’zbekistonning “Beqaror davlatlar reytingi”da tutgan o’rniga ta’sir qilgan.
Shunga qaramay, deydi tadqiqotchi Joel Burbank, O’zbekiston beqaror davlat emas, biroq ayrim ko’rsatkichlar bo’yicha beqaror bo’lish ehtimoliga ega. Jadvalning yuqori pog’onasidan Sudan, Iroq va Somali kabi davlatlar o’rin olgan. Burbank ularning hammasini beqaror davlatlar qatoriga qo’shadi.
Biroq rasmiy Toshkent fikricha, O’zbekiston iqtisodiyoti rivojlanmoqda. O’zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, sarmoyalar va savdo vaziri Elyor G’aniyevning aytishicha, joriy yilning birinchi choragida to’qqiz foiz iqtisodiy o’sishga erishilgan.
Beqarorlik jadvalida O’zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi respublikalaridan eng yuqori o’rin tutgan, ya’ni beqarorlikka eng yaqin turgan davlatdir. Undan quyida Tojikiston 39-, Qirg’iziston 41-, Turkmaniston 43-, Rossiya 62- va Qozog’iston 103-o’rinlarda joylashgan. O’zbekiston beqaror davlatga aylanish xavfi yuqori bo’lgan 32 davlat ichida fuqarolik urushlarini boshdan kechirgan Nepal va Syerra-Leonega yaqin joylashtirilgan.
Reytingni tayyorlagan “Tinchlik jamg’armasi” tadqiqot markazi va “Tashqi siyosat” jurnali keltirgan xulosaga ko’ra, beqarorlik O’zbekistonda aynan hukumat siyosati tufayli yuzaga kelishi mumkin. Shu sabab hukumat siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishi, inson huquqlari ahvoli va siyosiy muhitni yaxshilashi zarur.