Breaking News

NATO hali ham qudratli tashkilotmi?


Sovuq urush tugaganidan beri 26 a’zoli NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkilotining vazifalari ancha o’zgargan. Ayrim tahlilchilari fikricha NATO global xavfsizlik tashkilotiga aylanishi lozim. Ammo hozircha NATO qanchalik kuchli ekanini notinch Afg’onistonda isbotlashi kerak.

Afg’onistondagi janglar … Kosovoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash … Ga’rbiy Yevropani sovetlardan himoya qilish uchun 1949 yilda tashkil etilgan NATOning missiyasi hozirga kelib ancha o’zgargan.

Ba’zilar nazarida NATO global xavfsizlikni ta’minlashni maqsad qilishi zarur. Masalan, Avstraliya va Yaponiya kabi davlatlarni ham a’zolikka olish orqali.

AQShning demokrat kongressmeni Tom Lantos bu taklif bilan chiqayotgan arboblardan biri.

"Shimoliy Atlantika Shartnomasi Ittifoqi – nomini sal o’zgartirib – masalan Avstraliyani ham qabul qilsa bo’lardi. NATO a’zolari soni ko’paysa, haqiqatdan ham global tashkilotga aylansa, xalqaro mojarolarni hal qilish osonroq bo’lmaydimi"? - deydi Lantos.

NATO oliy qo’mondoni general Bantz Kreddok tashkilotni kengaytirish taklifi yaxshi, lekin bu yo’lda muammolar bor, deydi.

"Tayyorgarlik va tashkiliy nuqtai-nazardan, bu masalani ko’rib chiqyapmiz. Xalqaro miqyosda kengayishni aynan shundan boshlash kerakmi - buni bilmayman. Bir narsa aniq – a’zolarni ko’paytirish bu siyosiy qaror va ulkan vazifa. Ochig’ini aytsam, bunday xohish barcha a’zo davlatlarning siyosiy irodasi bilan dastaklanmayapti. NATO a’zolari bilan muloqotni davom ettirish kerak", - Kreddok.

Ayni paytda NATOning nimaga qodirligi Afg’onistonda sinovdan o’tmoqda. U yerdagi 40 ming kishilik xalqaro qo’shinning aksariyati NATOga a’zo 26 davlatdan kelgan. Biroq Germaniya va Ispaniya kabi ba’zi mamlakatlar o’z askarlarini himoya qilish uchun maxsus qoidalar, aniqrog’i cheklovlar joriy etgan.

"Bunday cheklovlar NATO birligini buzadi. Shu bois ularni kamaytirish yoki umuman yo’q qilish kerak. NATO muayyan davlatlarning xohishiga qarab emas, umumiy qonun-qoidalar asosida ishlashi kerak. Aks holda, undan foyda yo’q".

Qonun-qoidalar albatta muhokamadan o’tgan, ma’lum darajada kelishib ham olingan. Lekin Afg’onistonda hujum va portlashlar davom etar ekan, NATOga a’zo davlatlarni bu missiyaga jalb etish mushkul masala. Tashkilot kelajagi Afg’onistonda hal bo’ladi, deydi tahlilchilar.

"Hozircha, na oldinga, na orqaga siljish kuzatilyapti. A’zo davlatlar orasida biror kelishuvga erishilgani yo’q. NATO oldida turgan muammolarni yecha olishini ko’rsatishi kerak".

Kanada Bosh vaziri Stiven Xarperning aytishicha, mamlakat hukumati va parlamenti murosaga kelmasa, Kanada Afg’onistondan askarlarini 2009 yilda olib chiqadi. Bunday bayonotlar, deydi tahlilchilar, NATO yuzlashayotgan tinimsiz muammolardan bir shingil.

XS
SM
MD
LG