Breaking News

Dik Cheyni Amerika tarixidagi eng qudratli vitse-prezident


Dik Cheynini (Dick Cheney) ko’pchilik Amerika tarixidagi eng kuchli vitse-prezident deb ataydi.

Terrorga qarshi kurash va Iroqdagi urush ortida turgan shaxslardan biri.

Ayrim tahlilchilar fikricha AQShning bugungi ichki va tashqi siyosati Cheyni tashabbuslari mahsuli.

Prezident Jorj Bush (George Bush)uchun Dik Cheyni juda uddaburo va tajribali vitse-prezident.

Keksa arbob, Oq Uyda uzoq yillar xizmat qilgan, sobiq kongressmen, sobiq mudofaa vaziri, qator prezidentlar qo’lida ishlagan. Vashingtonni besh barmog’idek biladi.

Shu bois ham Bush 2000 yildagi prezident saylovlarida Cheynini vitse-prezidentlikka tanlagan. Stiven Xess AQSh prezidentlari faoliyatini izchil o’rgangan olimlardan.

"Jorj Bush rahbar sifatida ko’p tajribaga ega emas edi. Texas shtatini boshqargan xolos. Dik Cheynini aynan shu sabab, uning kuchli malakaga ega ekani, Amerikada tanilgan arbob ekani, prezident Ford davrida Oq Uyni yuritgani, keyinroq mudofaa vaziri bo’lgani, Kongressda kuchli qonunchi bo’lgani uchun ham tanlagan. Chunki, Cheyni Vashington siyosiy o’chog’ida pishgan odam",- deydi tahlilchi.

AQSh konsitutsiyasida vitse-prezidentga ko’p vakolat belgilanmagan. Vitse-prezident Senatda ovoz berish jarayonini boshqaradi, hal qiluvchi ovozni beradi. AQShning oxirgi ikki vitse-prezidenti hukumatdagi rolini mustahkamladi.

Masalan, sobiq vitse-prezident Al Gor atrof-muhit muhofazasi bobida ko’p ishlar qilgan.

Lekin Cheyni siyosiy jihatdan ko’proq qudratga ega. Amerika matbuotiga ko’ra, Cheyni bugun ko’p narsaga qodir vitse-prezident. Norman Ornshtayn Amerika Biznes Institutida katta tahlilchi.

"Dik Cheyni, birinchidan, o’ta uddaburo, ziyoli odam va davlat tizimi qanday ishlashini ipidan ignasigacha biladi. Uzoq yillik tajribasiga tayanib, qaysi tugmani qachon bosishni, maqsadga qanday erishishni, xavfning oldini olishni biladi. Bu, nazarimda, AQSh uchun foyda. Uning tashqi dunyodagi kuchli aloqalari ham. Cheyning tishi, oddiy qilib aytganda, har narsaga o’tadi",- deydi siyosiy sharhlovchi.

Iroqdagi qonli urush, mahbuslarni qanday so’roq qilish, terrorga qarshi kurash usullari, AQSh Oliy Sudiga kimni ko’rsatish va hokazolar. Dik Cheyni, Vashington Post gazetasiga ko’ra, har bir siyosiy qadam ortida. Ichki masalalarda ham. Suv taqsimoti-yu, hayvonot dunyosi muhofazasi. Cheyni har bir masalaga aralashadi.

Prezident Bush va Dik Cheyni orasidagi shaxsiy aloqa haqida ko’p ma’lumot yo’q. Lekin Oq Uy matbuot kotibasi Dana Perinoning aytishicha:

"Prezident Bush vitse-prezidentni yaqin do’st va ishonchli maslahatg’oy deb biladi. Cheyni, uningcha, shu mamlakatni jonidan ham ortiq ko’radigan inson".

Dik Cheyni o’zini har qanday tekshiruvdan himoya qilishga tayyor. Yaqinda “senat prezidentiman” deb idorasiga federal tekshiruvchilarni kiritmadi. Senat tekshirilsa, “vitse-prezidentman, ijrochiman” deb o’zini himoya qiladi.

AQShda uni ishdan bo’shatishni talab qilayotganlar juda ko’p. Uning o’ng qo’li Luis Skuter Libbi (Lewis Scooter Libby) federal jinoyatda aybdor deb topilgani Cheyni yuzlashgan mashmashalardan bir shingil.

AQSh neft siyosatidagi xatoliklar, Iroq, Afg’oniston, Yaqin Sharq, kontraktorlar va poraxo’rlik… hatto Respublikachilar partiyasida ham Cheyniga qarshilik kuchaygan.

"Vitse-prezident qanchalik qat’iy, ochiqso’z va erkin fikrlovchi inson bo’lsa, prezident uchun shunchalik yaxshi. Chunki Cheyni Bushning asosiy maslahatchisi. Unga siyosiy masalalarda tayansa bo’ladi. Vitse-prezidentga ko’p erkinlik berib, prezident adashayotgani yo’q, menimcha. Chunki, Cheyni uning o’rinbosari. Siyosiy idorasi kuchli odam. Hukumat toshu-tarozisini unchalik biladigan odam yo’q",- deydi Ornshtayn.

Lekin Dik Cheyni tanqid ketidan tanqidga uchramoqda. Oq Uyda Bush yana bir-yarim yil hukmron ekan, deydi sharhlovchilar, Cheyni ham lavozimida qimirlamay o’tiradi.

XS
SM
MD
LG