Breaking News

Bush Iroq borasida Kongress talabiga bo'ysunmoqchi emas


Oq Uy ikki nufuzli respublikachi senatorning Iroqdagi strategiyani qayta ko’rib chiqish chaqirig’iga yo’q deb javob bermoqda.

Virjiniya shtatidan saylangan senator Jon Uorner (John Warner) va Indiana shtatidan respublikachi senator Richard Lugar Bush ma’muriyatiga siyosatni qayta ko’rib chiqish uchun oktyabr o’rtasigacha muhlat berishni ko’zda tutgan qonun loyihasini olg’a surmoqda.

Ular nazarida AQSh askarlarining Iroqdagi faoliyati cheklangan bo’lishi kerak, ya’ni ular Iroq armiyasi tayyorgarligi, chegara, AQSh ob’yektlari xavfsizligi va aksil-terror harakatlar bilan shug’ullanishi kerak.

Oq Uy xavfsizlik maslahatchisi Stiven Xedlining (Stephen Hedley) aytishicha, Uorner-Lugar taklifiga hojat yo’q, chunki prezidentning Iroqdagi strategiyasini ko’rib chiquvchi jarayon usiz ham mavjud va sentyabrda boshlanadi.

"Iroqdagi qo’mondonimiz general David Petryus (David Petraeus) va elchimiz Rayan Kroker (Ryan Crocker) sentyabrda Kongressga hisobot beradi",- deydi Xedli.

Senator Uornerning aytishicha, AQShning Bag’dodga yuborilgan qo’shinlari Iroq hukumatining siyosiy irodasisiz vaziyatni o’zgartira olmaydi.

"Qo’shinlarimiz sonini Bag’dodda mahalliy hukumatga xavfsizlikni kuchaytirish uchun oshirganmiz. Biroq Iroq hukumati o’z vazifasi uddasidan chiqmayotgan ko’rinadi. Shuning uchun ham prezident siyosatini o’zgartisihi kerak",- deydi senator Uorner.

Senatdagi demokratlar ham Uorner-Lugar taklifini olqishlamadi, chunki ular fikricha Iroqdan qo’shinlarni chiqarish uchun aniq muhlat belgilash kerak.

Yana bir demokrat senator Jim Vebbning aytishicha, Kongress vaziyatni o’z nazorati ostiga oladigan payt keldi.

Federalizm Iroq kelajagi kalitimi?

Iroq beqaror ekan, ayrim siyosatdonlar mamlakatda federal tizim barpo etish kerak degan taklif bilan chiqmoqda. Ya’ni, Iroqni uch qismga bo’lib, markaziy va mintaqaviy hukumatni bir-biridan ajratish.

Iroqning 2005 yilda qabul qilgan yangi konstitutsiyasi federal tizimni kafolatladyi. Biroq mazhablararo zo’ravonliklar domiga botgan Iroqni federalizm birlashtira oladimi?

"Ha", - deya javob beradi misrlik inson huquqlari himoyachisi Saad Eddin Ibrohim. Uning fikricha federalizm utopik orzu emas. O’ziga yarasha muammolari bor, biroq bir-biriga qarshi urushishdan ko’ra, mamlakatni bo’lib, boshqaruvni mahalliy hokimiyatlarga topshirgan ma’qul deydi faol.

Iroqda shialar, sunnilar mazhabidagi arablar, kurdlar, ossuriy nasroniylar va turkmanlar istiqomat qiladi. Rasmiy til - arab tili, biroq mamlakat shimolida, Kurdiston muxtoriyatida asosan kurd tili muomalada.

Iroq Kurdistoni ham iqtisodiy, ham siyosiy tomondan rivojlanmoqda. Federal boshqaruvning yaqqol namunasi, deydi konferensiya tashkilotchisi Baxtiyor Amin.

"Kurdlar ko’plab qiyinchilik va to’siqlarga duch keldi. Biroq muammolar hal qilindi. Federal boshqaruv ostida yashashni boshqa federal jamiyatlardan o’rganishdi",- deydu Baxtiyor Amin.

Kanadalik qonun chiqaruvchi Pol Devorning aytishicha Iroqdagi tabiiy boyliklar barcha viloyatlar orasida teng taqsimlanishi lozim. Kanada tizimidan o’rnak olsa arziydi, deydi u.

"Mamlakatlarimiz hududiy va tarkibiy jihatdan bir biridan farq qiladi. Biroq federalism tizimi turli siyosiy tizimlarda, turlicha amalga oshirilishi mumkin",- deydi qonun chiqaruvchi.

Biroq iroqlik deputat Mahmud Usmon nazarida oddiy iroqlik uchun federalizm – yot tushuncha.

" Ertalab uyg’ongan iroqlikning uyida gaz, suv, elektr quvvati, yeyishga ovqati, tinch boshpanasi, ishi bo’lmasa, federatsiya va konstitutsiya kabi gaplarga quloq tutadi, deb o’ylaysizmi? Devorga gapirganday bo’lasiz. Mamlakat tizimi butunlay buzulib bo’lgan",- deydi iroqlik qonun chiqaruvchi.

Unga ko’ra hukumat federalizm tushunchasi haqida gapirishdan avval xalqni xavfsizlik va ish bilan ta’minlashi lozim.

XS
SM
MD
LG