Breaking News

O'zbekiston Yaqin Sharq kelajagi haqida qanday fikrda?


AQSh Isroil va Falastinni uzoq yillik dushmanlikni chetga surib, ikki xalq tinchligi yo’lida birga ishlashga chaqirmoqda. Yaqin Sharqda tinchlikni tiklash borasida Bush katta xalqaro anjuman o’tkazishni taklif qilgan.

AQSh Falastin hukumatiga 190 million dollar yordam puli va’da qilmoqda. Shuningdek, Amerika Mahmud Abbos rahbariyati qo’lidagi xavfsizlik kuchlari uchun 80 million dollar beradi. Isroil va Falastin yonma-yon yashay oladimi? Falastin yangi davlat sifatida shakllanishga qodirmi?

Sharqshunos olim Abdusattor Jumanazar fikricha, muammoga tarixiy yondashilmayotgani bois hozirgacha qilingan sa’y-harakatlar aniq natija bermagan.

“Asosan musulmonlar yashagan hududda XX asr boshlariga kelib AQSh va Angliya Isroil davlatini qurdi. Bugun AQSh mintaqada yana bir musulmon davlati paydo bo`lishidan manfaatdor emas. Bu yolg`on tashabbus yoki xalqaro jamoatchilik uchun shunchaki bildirilayapti”, - deydi Abdusattor Jumanazar.

Mahalliy matbuotda Yaqin Sharq muammosiga oid siyosiy sharhlari bilan qatnashib kelayotgan sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov o’zgacha fikrda. AQShning Yaqin Sharqqa doir siyosatida faqat Isroil manfaatlari ustun turadi deyish unchalik to`gri emas, deydi u.

“To'g`ri, AQSh Isroilni qo`llab-quvvatlaydi. Lekin bu AQSh tashqi siyosati yahudiylar manfaati ostida degani emas. Masalan, Falastin xalqiga moddiy yordam berish choralari ko`rilayapti. Bu moddiy yordamsiz Falastin xalqi yashay olmaydi. Agar AQSh har ikki tomonga teng bosim o`tkazib, siyosat yuritsa, tashabbus natija berishi mumkin”, - deydi Soyibnazarov.

Siyosatshunoslar fikricha, hozir Yaqin Sharq muammosini hal qilishshga qodir davlatlar soni qisqarmoqda.

AQSh tashabbusi BMT tomonidan qo’llab-quvvatlandi.

BMT bayonotida aytilishicha, mazkur tashabbus AQSh prezidentining Yaqin Sharqda ikki davlat - Isroil va Falastin davlatlarining yuzaga kelishi tarafdori ekanini ko`rsatadi.

Abduvali Soyibnazarov asosiy muammo – Quddus shahriga qanday maqom berilishida deydi.

“Isroil rahbariyati Quddusni 60-yillarda abadiy poytaxt sifatida e`lon qilgan. Musulmonlar esa u yerdagi ziyoratgohlarni, bu hududni o`ziniki deb biladi”.

Rasmiy Toshkent avvalroq Yaqin Sharq muammosi yuzasidan munosabat bildirgan.

Unda aytilishicha, O`zbekiston muammoni barcha davlatlar manfaati hisobga olingan tarzda yechish tarafdori.

Ayrim siyosatchilar Falastin aholisining Hamasga munosabati e’tiborsiz qolmasligi lozim degan fikrda. Muxtoriyat ahli orasida Hamasga moyillik kayfiyati mavjud.

Bu kayfiyatni inobatga olmaslik vaziyatga salbiy ta’sir qilishi, muammolarni yanada keskinlashtirishi mumkin.

XS
SM
MD
LG