Breaking News

Xorijlik o'qituvchilar AQShdagi fazo markazida malaka oshirishi mumkin


Bu yil 250 nafar murabbiy AQShdagi yozgi lagerda fazo ilmidan saboq oldi. Ular vatanlariga kosmos, sayyoralar va yulduzlar haqida bir olam bilim bilan qaytmoqda.

Hindistonning Bangalor shahrida yangi o’quv yili boshlangan. Fizika fani o’qituvchisi Vahu Neyl AQShdagi yozgi lager taasurotlarini o’quvchilariga hikoya qilib bermoqda.

“Fazoviy lagerda ilmiy izlanishlar olib bordik, raketalar tuzilishini o’rgandik. Huddi matematika, fizika, kimyo yoki ingliz tillarini o’rgangandek”.

Shotlandiyadagi Gurek maktabida matematikadan dars beradigan Kennett Osborn darslar tezroq boshlansa-yu, o’quvchilarim bilan xotiralarimni o’rtoqlashsam, deydi.

“Men fazogir kiyimini kiyib, o’zimni ochiq kosmosda yurgandek his qildim. Bir umrga tatigulik taassurot”.

Amerikaning Xantsvill shahrida joylashgan fazo va raketa markazidagi yozgi lagerga dunyoning turli burchaklaridan jami 265 nafar muallim taklif qilindi.

Jahonning eng sara o’qituvchilari tanlandi deydi hay’at raisi Valeri Sorj.

“Salkam 1000 ta ariza tushgan bo’lsa, shulardan eng kuchli, ishiga sodiq mutaxassislarni tanladik. AQShning 43 shtati va dunyoning 21 davlatidan kelgan bu murabbiylar olgan bilimini yoshlar bilan baham ko’radi”.

Ular fazogirlar uchun trening-mashqlardan o’tishdi. Kosmosda topshiriq bajarish, parvoz qilish, yerda va suvda omon qolish va hokazo. Barchasining asosini aniq fanlar, jumladan fizika va matematika tashkil etadi. Masalan, tortishish kuchi past bo’lgan sharoitda asta qadam bosishni, fazoda bog’dorchilik qilish san’atini o’rganishdi.

Muallimlar mashhur astronavtlar bilan ham muloqotda bo’ldilar. Shuningdek, o’z tajribalari, mamlakatlari haqida o’rtoqlashishdi, deydi shotlandiyalik qatnashuvchi Kennett Osborn.

“Yoshim bor-yo’g’i 22 da. Bir yildan beri dars beraman. Men uchun g’oyat katta tajriba bo’ldi. Muallimlikka bo’lgan ixlosim ortdi”.

O’qituvchi darsini qanchalik ilhomlanib o’tsa, o’quvchining ham g’ayrati, ishtiyoqi oshadi. Ayniqsa, borliq, fazo va hayot haqida o’rgatuvchi fanlarga.

Dasturda kelasi yil qatnashishni istagan murabbiylar quyidagi manzilga murojaat qilishlari mumkin - www.honeywell.com .

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG