Breaking News

Afg'oniston prezidenti: Tolibon hukumat oldida ojiz


Prezident Bush va Afg’oniston rahbari Hamid Karzay, Vashingtonda o’tgan uchrashuvda, terrorizmga qarshi kurash davom etishini ta’kidlagan.

AQSh Tolibonga qarshi kurashda NATO va afg’on armiyasiga yordamlashadi. Tolibon, deydi Hamid Karzay, tinch aholiga xavf solmoqda, ammo Afg’oniston hukumatiga emas.

Afg’on rahbarining ta’kidlashicha, so’nggi bir necha yil mobaynida mamlakatda ahvol yanada yomonlashgan. Karzay prezident Bush bilan terrorizm, narkotiklar savdosi, mamlakat armiyasini kuchaytirish va oddiy aholiga hujumlarni to’xtatish mavzularini muhokama qilgan.

Rasmiy Kobul oxirgi paytlarda tinch aholi ko’plab nishonga olinayotgani haqida shikoyat qilib keladi. Afg’oniston rahbari xalqaro koalitsiyadan oddiy aholini himoya qilishni so’ramoqda.

Karzay nazarida, AQShning Al-Qoida rahbari Usama Bin-Ladenni topish harakatlari haligacha natija bergani yo’q. Bin-Laden Afg’onistonni tark etgan, deydi u. Prezident Bushning aytishicha esa, AQSh ertami-kechmi Al-Qoida rahbarlarini albatta javobgarlikka tortadi.

Hamid Karzay, shuningdek, Pokiston rahbari Parvez Musharraf bilan sovuq munosabatda ekanini rad etgan.

Bush ma’muriyati afg’on-Pokiston chegarasida Tolibon jonlanganini qayd etib, Karzay hukumatiga yordam berishini ta’kidlamoqda.

AQSh bosh diplomatlaridan Richard Boucher Hamid Karzayni nafaqat hamkor, balki AQSh uchun muhim bir mintaqada barqarorlik garovi, deb ta’riflamoqda.

XS
SM
MD
LG