Yaqin Sharq mintaqasida strategik muvozanat Tehron tomon og’ar ekan, tahlilchilar fikriga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Eronni yakkalash siyosatini kuchaytirmoqda.
Bu yangi diplomatik harakatning ajralmas qismi – mintaqada sunniy arab davlatlari va Isroilni o’z ichiga olgan, Eronga qarshi koalitsiya tuzishdir. Ammo bu siyosiy tashabbus muammolardan xoli emas.
AQSh rasmiylari, yaqinda mintaqaga safar qilib, arab davlatlari bilan harbiy hamkorlik haqida gaplashgan edi. Kelishuvga muvofiq, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Oman, Qatar, Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklariga jami 20 milliard dollarga teng qurol sotiladi. Misrga esa 13 milliard dollarga teng harbiy yordam ko’rsatiladi.
Olim Richard Rasselning aytishicha, maqsad – Yaqin Sharqda AQShga do’st davlatlarga yordam berib, Eron nufuzini pasaytirish. Fors ko’rfazidagi kichik davlatlar, olim fikricha, Erondan kelayotgan tahdidni qarshi olishda AQShga tayanadi.
Rasmiy Vashington nazarida mintaqada mo’tadil arab davlatlari va Isroilni birlashtirib, Eronga qarshi ittifoq tuzish mumkin. Saudiya Arabistoni Isroilni tan olmasa-da, xavfsizlikka kelgandan manfaatlar bir.
"Shu o’rinda, “dushmanimning dushmani mening do’stim” degan ibora qo’l keladi. Eron va Saudiya Arabistoni Fors ko’rfazida bir-biriga raqib",- deydi Rassel. Isroil esa Eron yadro qurolini qo’lga kiritadi degan tashvishda.
Sunniylar, jumladan Iordaniya qiroli Abdulla mintaqada shialar ta’siri oshib borishi xavfi haqida gapirsa, Saudiya Arabistonini Iroqning sunniy aholisi taqdiri tashvishlantiradi. Eron shia jamoalari orqali nufuzini oshirmoqchi, qabilidagi fikrlar ham bor.
"Lekin arab davlatlari aholisi Eronga boshqacha ko’z bilan qaraydi. Ulardan so’rasangiz, Yaqin Sharqdagi barcha muammolar ortida AQSh turganini aytishadi",- deydi siyosatshunos Favas Gerges. "Odamlar AQSh tashqi siyosati, xususan Iroq, Fors ko’rfazi, Falastin va Livandagi manfaatlariga shubha qaraydi",- deydi u.
Uning fikricha Falastin masalasining yechimi ko’rinmas ekan, sunniy arablar va Isroil orasida ittifoqchilik haqida gapirishga hali erta.
Olim Ayan Lustik Isroildagi kayfiyatga e’tibor qaratadi.
"Isroilda ko’pchilik bu o’yinlardan to’ygan, mamlakatni Yaqin Sharqdan kerak bo’lsa devor bilan ajratib, tinchgina yashaylik, degan kayfiyat hukm suradi",- deydi mutaxassis.
Isroil va Falastin orasida tinchlik bo’lishiga ko’pchilik ishonmaydi.
"Umidlar so’ngan, tomonlarning bir-biriga nafrati va munosabatini ko’rsangiz, imkoniyat boy berildi degan fikrga kelasiz",- deydi Lastik.
Yaqin Sharqda fundamentalism va mazhablar-aro keskinlik kuchaymoqda. Eron bilan til topishish kerak deya chiqayotganlar ko’p. Barqarorlikni tiklash vaqt va mohir diplomatlarga bog’liq, deydi tahlilchilar.