Breaking News

AQShda hujjatsiz muhojirlar deportatsiya qilinmoqda


Qo’shma Shtatlarda ruxsatsiz yashayotgan muhojirlarni deportatsiya qilish hollari ko’paygan. 2007 yil, deydi rasmiylar, bu borada rekord yili bo’ladi.

Muhojir huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar vaziyatdan tashvishda, biroq federal agentlar “qonun ijrosi bilan bandmiz”, - deydi.

AQShda aynan qancha o’zbekistonlik borligi haqida rasmiy ma’lumotlar yo’q. Biroq O’zbekistondan bir necha ming odam Florida, Nyu-York, Kaliforniya, Tennessi va Texas kabi yirik, aholisi katta shtatlarda joylashib olgani aytiladi. Ko’pi O’zbekiston fuqarosi va ko’pi Amerikada noqonuniy ravishda ishlab kun ko’radi.

O’tgan yillar ichida deportatsiya qilinganlar o’nlab sonni tashkil etadi. Ayrimlari jinoyatda ayblangach, vataniga qaytarilgan. AQShda statusini o’zgartirishni istagan odam immigratsiya xizmatiga murojaat qilsa, ariza javobi kelmaguncha uning AQShda turishi qonuniy sanaladi.

Talaba yoki sayyoh sifatida kelib, Qo’shma Shtatlarda ishlash uchun ruxsat olishga intilayotganlar ko’p. AQSh immigratsiya xizmatiga ko’ra, agentlar ularni odatda deportatsiya qilmaydi. Biroq viza muddati bitgach yoki AQShda qolishga ruxsat ololmagach ham bu mamlakatda yurganlar nishonga olinadi, deydi rasmiylar.

Asli ekvadorlik, 11 yildan beri AQShda yashovchi, mamlakat fuqarosi Sendi Dume bor-bisotini yig’ishtirib, Meksikaga yo’l olmoqda. Turmush o’rtog’i vataniga deportatsiya qilingan.

"Meni eshigini keng ochgan mamlakat endi erimni haydab chiqardi. Buni qanday tushunish mumkin? Uning oldiga ketishga majburman. Farzandlarimning otasiz katta bo’lishini istamayman",- deydi Dume.

Dume umr yo’ldoshi bilan Floridada sakkiz yil yashagan. Uch farzandi - AQSh fuqarolari. Oila o'z xususiy biznesiga ega. Lekin Dumening turmush o’rtog’i Meksikadan 10 yil oldin noqonuniy ravishda kelgan. Uch marotaba deportatsiya qilingan. Qaytib kela olmaydi.

"Erim qaytmasa bo’lmaydi. Chunki bu yerda hayotimiz farovon. Hukumatdan hech narsa so’ramayapmiz. Tinch, ahloqli fuqaromiz",- deydi Dume.

Immigrantlar huquqi uchun kurashayotgan tashkilotlar nazarida deportatsiya insonlar hayotini barbod qilmoqda.

Noqonuniy muhojirlar himoyachisi Denis Diazning aytishicha, avvallari jinoyatchi chet elliklar badarg’a qilinar edi, ammo bugun hujjatsiz yurgan muhojirlarning hammasi tazyiq ostida.

"Hujjatsiz bo’lsa-da, bu muhojirlar Amerika jamiyati uchun xavf tug’dirmayapti. Qora mehnat qilib kun ko’rmoqda xolos. Bu adolatsizlik, ularni yerga urish. Bu bechora insonlarning ham huquqi bor",- deydi Diaz.

AQSh Immigratsiya va Bojxona Agentligi "qonunni buzgan chet elliklar va sud tomonidan deportatsiya qilinishi buyurilgan odamlarni chiqarib yuboryapmiz",- deya ma’lum qilgan.

Hukumat qonunlarga amal qilayotganini va muhojirlarga zo’ravonlik qilinmayotganini bildiradi. Halol mehnat qilib yurgan immigrantlar nishonga olinmayapti. Deportatsiya qilish uchun dalil va isbot bor, deydi rasmiylar.

Deportatsiyalarni olqishlayotgan amerikaliklar juda ko’p. Mayk Yarbek, masalan, Floridada noqonuniy muhojirlarga qarshi chora ko’ruvchi guruh boshlig’i.

"Menga qolsa, noqonuniy muhojirlar birma-bir tutilib, vataniga jo’natilsin",- deydi Yarbek.

AQSh hukumati ma’lumotlariga ko’ra, o’tgan bir yil ichida 150 mingdan oshiq muhojir deportatsiya qilingan. Ulardan 90 mingga yaqini jinoyatda ayblangan.

AQSh immigratsiya agentligiga ko’ra barcha muhojirlar emas, jamiyatga zarar keltirayotgan odamlar haydalmoqda.

AQSh - muhojirlar mamlakati. Chet eldan bu yerga umid va orzular bilan yaxshi hayot izlab kelishadi. Meniki ro’yobga chiqqanda, nega hukumat oilamni buzyapti deya so’raydi u.

Amerikadagi 12 milliondan ortiq noqonuniy immigrantlarning ko’pchiligi latin amerikaliklar.

XS
SM
MD
LG