Breaking News

AQShda respublikachilar hukmronligi poyoniga yetmoqdami?


AQShni ikki siyosiy guruhdan biri - Respublikachilar Partiyasi yoki Demokratlar Partiyasi boshqarib keladi.

Respublikachilar siyosiy jihatdan konservativ, ya’ni tarixiy-madaniy qadriyatlar va dinni qadrlovchi, astalik bilan taraqqiy etishni ma’qul ko’ruvchi, davlat xavfsizligini har narsadan ustun qo’yuvchi partiya.

Demokratlar esa liberal, ya’ni shaxsiy erkinlik bozor, ijtimoiy hayot, madaniyat va siyosiy taraqqiyotni belgilaydi degan falsafani olg’a suradi. Davlat xavfsizligi ular uchun muhim, biroq huquq va qonun undan-da ustun.

Reytinglarga qaralsa, amaldagi konservativ prezident Jorj Bush AQSh tarixida eng past baholangan rahbar. Bush raqamlarga ishonmaydi. Biroq hatto Bushning Respulikachilar partiyasi ham vaziyatdan xavotirda. AQShda, deya taxmin qiladi ayrim siyosatdonlar, konservativ siyosatning hukmronlikka davri o’z nihoyasiga yetayotgan bo’lishi mumkin.

Bushning yaqin maslahatchisi Karl Rov prezidentni Oq uydagi so’nggi yilida tark etadi deb hech kim o’ylamagan edi. Amerika matbuoti uning ketishini Bushning siyosiy uyquga cho’mish davri keldi deya sharhlab chiqdi.

Karl Rov esa umidni so’ndirmoqchi emas. Respublikachilar hokimiyatda qolishiga ishonadi. Ammo, bugungi kunda amerikaliklarning uchdan birigina Bushga ishonch bildirmoqda.

"Nazarimda, Amerika o’ngdan chapga burilmoqda," - deydi siyosatshunos Stiven Xess.

Demokratlar so’lchilar. Kongressning har ikki palatasi o’tgan yildan beri ular qo’lida. Biroq bu bilan ular istaganidek AQSh siyosati liberallashgani yo’q. Shoshmay baho bering, deydi konservativ siyosiy sharhlovchi Grover Norkist.

"Demokratik Partiya agar Kongressga, hukumatni kengaytiramiz, soliqni oshiramiz, yangicha ijtimoiy yordam turlari joriy etamiz degani uchun saylanganida, balki AQSh endi so’lchilar qo’lida derdik. Biroq bunday emas," - deydi Norkist.

Tahlilchilar nazarida xalq Iroqdagi urushga qarshi ekani uchun ham Bushning partiyasiga yo’q dedi.

"Iroqdagi urush jamiyatimizni shu qadar tashvishga solyaptiki, hamma narsani shu urush hal etmoqda," - deydi siyosatshunos Stiven Xess.

Ammo, bugun siyosatchilar ahamiyatni sog’liqni saqlash masalasiga ham qaratmoqda. Chunki, ommaviy so’rovlarda aholining 90 foizi sog’liqni saqlash Amerikada eng murakkab masala ekanidan noliydi.

Ijtimoiy konservatizm, dindorlik va oila muhofazasi kabi tushunchalar o’zgacha mazmun kasb etmoqda. Vashingtondagi Pyu Tadqiqot Markazi shunday ma’lumot bermoqda. Amerika avvalgidek dindor emas… oilalar o’zgarmoqda.

Buning ustiga Amerikada qashshoqlar soni oshgan. Hukumat kambag’allarga yordamni kesib, boy qatlam cho’ntagi haqida qayg’urmoqda degan tanqid kuchaygan. Nogironlar, keksa yoshdagilar, yetimlar ahvoliga e’tibor pasaygan.

Pyu tadqiqot markaziga ko’ra, Amerikada shunday iqtisodiy holat vujudga kelganki, unda siz juda boy yoki juda qashshoq odamlarni ko’rasiz. Endi Stern yirik kasaba uyushmalaridan birining prezidenti:

"Odamlarning qarzi oshib toshib ketgan. Besh yildan beri AQShda ishchilarning maoshi oshirilgani yo’q. Aksiyadorlar soni kamaygan. Ijarada yashayotgan fuqarolar ko’paygan. Chunki oylikka uy-joy sotib olish, bankka kredit to’lash qiyin. Odamlarni pulini ayay olmayapti. Bu salbiy o’zgarish bo’lmasa, unda nima?"

Ommaviy so’rovlarda amerikaliklarning ko’pchiligi Oq Uyga demokratlar kelsin deya so’ramoqda. Ular Demokratik Partiyaning Kongressda ham hukmron bo’lib qolishini istaydi. Lekin ommaviy so’rovlarga ishonmaydiganlar fikricha, xalq nima istashini saylov ko’rsatadi.

Liberal siyosatni yoqlovchi tahlilchi Stiven Xess ham hukumat o’zgarishi tezlikda iqtisodiy o’zgarishlar olib kelmaydi deydi:

"Xalq shuni bilishi kerakki, respublikachilar ketib, demokratlar hukumatga kelgan taqdirda ham, turmush va siyosat bu qadar tez o’zgarib qolmaydi."

Saylovga hali bir yildan oshiq vaqt bor. Saylov kampaniyasi avjida. O’tgan sakkiz yilda olib borilgan siyosat oqibatlari - muammolarni tuzatish, yutuqlarning qadriga yetish ham uzoq vaqt talab qiladi.

XS
SM
MD
LG