Breaking News

Iroq qo'shinlari mamlakat xavfsizligini qo'lga olishga tayyor emas


Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikining aytishicha, mamlakat qo’shinlari haliveri xavfsizlikni butunlay qo’lga olishga tayyor emas.

Al-Anbar viloyatida AQSh qo’shinlari soni oshirilganidan beri zo’ravonlik darajasi 75 foizga pasaygan, deydi al-Maliki. Afsuski, Iroq tinchligi hali ham Amerika kuchlari qo’lida, deydi bosh vazir.

Shuningdek, al-Maliki qo’shni davlatlar, jumladan Eron va Suriyadan Iroqda tinchlikni tiklash uchun hissa qo’shishni so’ramoqda. Ayni paytda Iroqdagi yutuq va kamchiliklar, amerikalik askarlar sonini 160 mingga chiqarish qarori qanday samara bergani sarhisob qilinmoqda.

Prezident Bush askarlarni Iroqdan chiqarish muhlatini shu hisobotga qarab belgilashini aytib keladi.

Bushning Respublikachilar partiyasi amaldagi strategiya ish berayotgani, xususan Al-Anbar viloyatida ahvol yaxshilangani, mahalliy darajada siyosiy murosaga erishilganini qayd etadi.

Ammo muxolifatchi demokratlar fikri buning aksi. Iroqda hech qanday tartib yo’q, Iroq rahbariyati vaziyatni qo’lga olishi uchun Amerika askarlarini chiqarib javobgarlikni ularga topshirish kerak, deydi demokratlar.

Amerika harbiylarini Iroqqa katta sonda safarbar etishdan maqsad mamlakat siyosatchilariga kelishib olish uchun imkoniyat berish edi. Lekin ko’plab tahlilchilar fikricha, bu strategiya ish bermagan. Mazhablar-aro kelishmovchilik va xunrezlik davom etyapti.

XS
SM
MD
LG