Prezident Bush demokratiya targ’ibotini AQSh tashqi siyosatining asosiy tamoyili deb belgilagan. Lekin ommaviy so’rovlarga ko’ra, AQSh ommasi chet davlatlarda demokratiya urug’ini sochish harakatlariga salbiy baho bermoqda.
AQSh hukumati terrorizmni yengishga va erkinlikni yoyishga bel bog’laganini bildirib keladi. Prezident Bushning ta’kidlashicha, demokratiya targ’iboti AQSh xavfsizligi uchun muhim, chunki deydi u, demokratik davlatlar bir-biri bilan urushgacha bormaydi.
Ammo amalda bu ishlar ko’rinmayapti, Bush yuritayotgan siyosat maqsadga javob bermaydi, deydi kuzatuvchilar.
"Bush siyosati tufayli demokratiya targ’ibotiga na dunyo, na Amerika xalqi ishonadi. Bu siyosatning Iroqdagi urush bilan bog’liqligi, terrorga qarshi kurashda ancha qonunbuzarliklarga yo’l qo’yilgani AQShga bo’lgan ishonchni yemirgan," deydi “AQShning Demokratiya Targ’iboti” nomli tahlil muallifi Tomas Karoters.
Unda Karoters Bush ma’muriyati yo’l qo’ygan xatolarni tanqid ostiga oladi. Olim fikricha, terrorizmga qarshi kurash hamda neftga bo’lgan ehtiyoj tufayli AQShning amaldagi hukumati diktatorlar bilan hamkorlikka ham tayyor.
Lekin Bush tarafdorlari boshqacha fikrda. Ularning aytishicha, Bush prezidentligi davrida ba’zi davlatlarga demokratiya ilk bor qadam qo’ydi.
AQShning Demokratiyani quvvatlash nohukumat tashkiloti rahbari Vin Veber nazarida jahonda demokratiya oqimi pasayganida AQShning aybi yo’q. Rossiya va Xitoy kabi davlatlarda avtokratiyaning avj olishi, deydi u, totalitar hukumatlarga yaxshi namuna bo’lmoqda.
Tashqi aloqalar kengashi vakili Stiven Sestanovich, demokratiya haqidagi bayonotlarga ishonch pasaygan, ammo ishni davom ettirish kerak degan fikrda.
"Menimcha, hozirda AQSh va Yevropa oldida turgan vazifa shuki, boshqa davlatlarga ko’rsatma berayotgandek tasavvurdan qutulib, demokratik institutlarga yordam berish," deydi Sestanovich.
Siyosatdon Fransis Fukuyamaning aytishicha esa, AQShga ishonch butunlay yo’qolgani yo’q.
"Iroq mavzusi omma e’tiboridan ketgach, muammolar ham o’z-o’zidan yo’qoladi," deydi u.