Breaking News

AQSh Falastin davlati vujudga keladi degan umidda


AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays kelasi hafta Rossiya va Yaqin Sharqqa safar qiladi. Amerika Yaqin Sharq tinchligi bo’yicha rejalanayotgan xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ko’rmoqda.

Kondoliza Rays ikki kun Moskvada, so’ng Quddus va Ramallohda, undan keyin esa Iordaniya va Misrda bo’ladi.

Vashingtonda o’tishi rejalanayotgan anjuman Isroil va Falastinni yaqinlashtiradi deb umid qilinmoqda. Asosiy mavzular – chegara, Quddus maqomi va falastinlik qochqinlar taqdiri.

Isroil Bosh vaziri Yaxud Olmert va Falastin prezidenti Mahmud Abbos bir necha marta uchrashgan. Abbos tinchlik bitimi kuchga kirishi uchun olti oy muhlat belgilashni talab qilmoqda. Ammo Isroil har qanday muhlatga qarshi.

AQSh hech bir tomonga yon bosmoqchi emas, balki tinchlik jarayoniga turtki berish niyatida, deydi AQSh Davlat departamenti rasmiysi Shon Makkormak.

Xalqaro anjuman kuni hali belgilanmagan. Unda Yevropa Ittifoqi, Rossiya, BMT va arab davlatlaridan vakillar ishtirok etishi kutilmoqda.

12-13 oktyabr kunlari esa AQSh diplomatlari Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukov ko’rishadi. AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasi muhokama qilinadi. Bu masala yuzasidan AQSh va Rossiya bir fikrga kela olmayapti.

XS
SM
MD
LG