Breaking News

Yevropa Ittifoqi qarori - O'zbekiston uchun imkoniyat


Yevropa Ittifoqining O’zbekistonga nisbatan qo’yilgan sanksiyalarni cheklash qarori ayrim guruhlar va o’zbekistonlik inson huquqlari tomonidan tanqid ostiga olinmoqda. Jumladan, Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti ham, Bryusseldagi “Xalqaro inqirozlar guruhi” ham ittifoq qaroridan norozi.

15 oktyabr kuni Yevropa Kengashi O’zbekistonga qurol embargosini yana 12 oyga qoldirib, Yevropaga kirishi taqiqlangan o’zbekistonlik sakkiz rasmiyga qo’yilgan sanksiyani shartli ravishda olti oyga olib tashlashga qaror qildi.

Nodavlat tashkilotlarning to’siqsiz faoliyat ko’rsatishiga ruxsat berish, xalqaro mutaxassislarni O’zbekiston qamoqxonalariga kiritish, inson huquqlari faollarini qamoqdan ozod etish – mana shular Yevropa Ittifoqi shartlari. Olti oydan so’ng ular bajarilmasa ittifoq viza taqiqini tiklashini aytmoqda.

Ittifoq qarori ayrim tashkilotlar qarshiligiga uchramoqda. “Yevropa Ittifoqi O’zbekiston hukumatini olg’a qadam qo’ymagani uchun mukofotlamoqda” deydi o’z bayonotida “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti.

Bryusselda joylashgan “Xalqaro inqirozlar guruhi” ham shunday fikrda.

"Tashkilot vitse-prezidenti Alan Deletrozning (Alain Deletroz) aytishicha, O’zbekistonda hech qanday ijobiy o’zgarish amalga oshirilmagan. Yevropa Ittifoqi talablarini kuchaytirishi kerak edi. Bu noto’g’ri qaror," deydi u.

Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar uchun mas’ul rasmiysi Xavyer Solananing (Javier Solana) matbuot kotibi Kristina Gallak (Cristina Gallach) bizga bergan intervyusida inson huquqlari bobida O’zbekiston katta ijobiy o’zgarishlarga erishmaganini tan oladi, biroq muloqot uchun eshik ochiq qolishi kerak, deb hisoblaydi.

"Biz O’zbekistonni ijobiy o’zgarishlarga undash maqsadida viza taqiqini olti oyga to’xtatishga qaror qildik. Biroq o’zgarishlar bo’lmasa," deydi Kristina Gallak "sanksiyalar tiklanadi. Ittifoq masalani muhim deb biladi va a’zolar uni qizg’in muhokama qilgan."

O’zbekiston hukumatiga kuchli sanksiyalar qo’yish tarafdori, “Xalqaro inqirozlar guruhi” vitse-prezidenti Alan Deletroz sanksiyalarning yumshalishi O’zbekiston uchun imkoniyat deydi.

"Agar janob Karimov Yevropa bilan aloqalarni haqiqatdan ham yaxshilamoqchi bo’lsa, bu imkoniyatdan foydalanishi zarur," deydi u.

O’zbekiston Inson huquqlari kengashi raisi, ayni damda Yevropada istiqomat qilayotgan Tolib Yoqubov ittifoq qarorini tanqid ostiga olar ekan, uning samara bermasligini, O'zbekiston hukumati Yevropa Ittifoqini talab va shartlariga pisand qilmasligini aytadi.

XS
SM
MD
LG